Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida umumta’lim hamda kasb-hunar maktablarining bitiruvchilari o‘rtasida informatika va axborot texnologiyalari fanidan olimpiadaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.
Unda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan umumta’lim maktablari va kasb-hunar maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazish va 1 – 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni birinchi o‘quv yili uchun to‘lov oliy ta’lim muassasalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz o‘qishga qabul qilish belgilangan.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan olimpiadada Nukus shahar va tuman bosqichlari g‘oliblari final bosqichida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov yakunida Chimboy tumanidagi 44-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchisi A.Duysenbayev birinchi, Taxiatosh tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchisi B.Joldasbayev ikkinchi, ushbu maktabning o‘quvchisi S.Ruzimova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
G‘oliblarni Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori B.Jollibekov qutlab, qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.