Mamlakatimizga tashrif buyurgan Serbiya Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich boshchiligidagi delegatsiya turli vazirlik, idora va ta’lim maskanlarida bo‘lib samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shunday tadbirlardan biri – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgan uchrashuvda mehmonlar mazkur oliy o‘quv yurti rektori, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan muloqot qildi.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Shu bilan birga parlamentlararo aloqani mustahkamlash xususida ham fikr, mulohaza bildirildi.

Mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, muhim siyosiy jarayon  – 30 aprelga belgilangan Konstitutsiyaga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi haqida so‘zlab berildi.

O‘z navbatida Ivitsa Dachich mamlakatimiz olib borayotgan islohotlarni, erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi va Serbiya tomoni sheriklikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Uchrashuv so‘ngida Serbiya tashqi ishlar vaziri JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan ham suhbatlashdi. Samimiy, qiziqarli kechgan muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan kshplab savollarga javob olishdi.

G.Sattorova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA