Joriy yil 7 aprelda “Ma’muriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hamda tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2023–2024 yillarda “Yoshlar daftari” tizimi orqali yoshlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 1,5 barobargacha oshiriladi.

Yoshlarga ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlarni ko‘rsatishda ularning iqtidoridan unumli foydalanishga qaratilgan ijtimoiy shartnomalar amaliyoti joriy etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi “Yoshlar balansi” asosida yoshlarning ijtimoiy holati, qiziqishi va muammolarining xususiyatidan kelib chiqib yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yil 1 yanvargacha sport sohasini raqamlashtirish bo‘yicha 24 ta yo‘nalishdagi axborot tizimlarini o‘z ichiga olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushiriladi. Bunda, sport sohasidagi xarajatlar tizimda shaffof va ochiq tarzda aks ettiriladi.

Joylarda barpo etiladigan tegishli sport ob’ektlari va inshootlarining kamida 30 foizi mazkur elektron tizim orqali ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

2023 yil 1 iyuldan, sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytirilib, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi” joriy etiladi. Bunda, stipendiya miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi.

Mazkur stipendiya tayinlangan sportchilarga Prezidentning tegishli qarorida belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

2024 yil 1 martdan sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalar, O‘zbekiston chempionati va kubogida ishtirok etishi uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari (yosh toifalari) bo‘yicha jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish miqdorlari tasdiqlandi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga idoraviy mansub bo‘lgan tibbiyot muassasalarida umrbod bepul tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi beriladi.

O‘zA