Buxoro davlat universitetida AQSH elchixonasi hamkorligi va homiyligi asosida bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida Buxoro davlat universitetiga AQSHning O‘zbekistondagi  Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik tashrif buyurdi. Mehmonlar universitetdagi ACCYeSS sinf xonalari faoliyati bilan  tanishib, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

Samimiy uchrashuv davomida rektor Obidjon Hamidov AQSHning O‘zbekistondagi elchisi bilan ta’lim yuzasidan, shuningdek, universitetda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida suhbatlashdi.

– AQSH elchixonasi va universitet o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p yillarga borib taqaladi, – dedi Jonatan Xenik. – Men bu hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qarataman. Bugun biz ACCYeSS dasturi o‘quvchilari bilan ajoyib uchrashuv o‘tkazdik. Universitet professorlari yordamida ingliz tilini o‘rganayotgan bu yoshlarni ko‘rish bizni juda ilhomlantirdi. Shuningdek, bu yerda ACCESS stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan professor borligini bildik. U universitetni tamomlagan va shu yerda professor sifatida faoliyat yuritar ekan. Hozirda dasturga qiziqishi bo‘lgan yoshlarga dars berishi quvonarli. Bu yerga kelganimdan juda mamnunman va men yana universitetga tashrif buyurishni intiqlik bilan kutaman.

Ma’lumot uchun, “Fulbright English Teaching Assistant” loyihasi doirasida so‘nggi 3 yilda universitetga 7 nafar o‘qituvchi tashrif buyurgan va ingliz tili darslarini olib borgan.

FEP (Faculty Enrichment Program) loyihasida 2021-2022 yillarda universitetning 8 nafar professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, AQSH Oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tashmoqda.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA