2021-2024 yillarda Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida “Yo‘l xaritasi” hamda ustuvor innovatsion loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.

“Yo‘l xaritasi”dagi yettita yo‘nalish bo‘yicha 71 tadbirning 52 tasi bajarilgan. Jumladan, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda ilmiy-tajriba uchastkasi va ekofiziologik tadqiqotlar laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Nukus tumanida “Aqlli qishloq” konsepsiyasi asosida yangi zamonaviy turar joylar kompleksini qurish uchun 19,3 gektar yer maydoni ajratish ishlari boshlangan. Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan atmosfera havosi ifloslanishini avtomatik monitoring qilishga ixtisoslashgan 7 ta uskunani o‘rnatishga kirishilgan.

Bu ma’lumotlar Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya  qo‘mitasining majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Hududda 65 ta ustuvor innovatsion loyihalarning 36 tasi amalga oshirilgan. Xususan, Ispaniya texnologiyasi asosida baliqchilik uchun kuniga 5 tonna zamonaviy “yashil ozuqa” yetishtirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilgan. 720 gektar maydonda mevali bog‘ yaratilgan, bazaltdan mineral vata, yog‘och o‘rnini bosuvchi qamishdan qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, ayrim loyihalar o‘z vaqtida ishga tushirilmagani, sohada kamchilik va muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Majlis davomida iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, BMT TD, Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston iqtisodiyotning eng zaif tarmoqlari va mintaqalarini iqlim o‘zgarishiga o‘rta va uzoq muddatli Milliy moslashish rejasi”ni ishlab chiqish yuzasidan loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston hududining iqlimiy xususiyatlarini, shuningdek, xavfli gidrometeorologik va geofizik hodisalarini keltirib chiqaruvchi jarayonlarni aks ettiruvchi O‘zbekiston Respublikasining iqlimiy favqulodda tabiiy jarayonlar atlasi ishlab chiqilgan.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

2022 yilda Ombudsmanga fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 124 murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarda toza atrof-muhitga bo‘lgan huquq, qurilish ishlarida shaharsozlik qoidalariga rioya qilmaslik, daraxtlarning kesilishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan.

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonida fuqarolarning toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini tiklash hamda inson hayoti va faoliyatining ekologiyaga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rilgan.

 

O‘zA