Yurtimizning barcha hududida yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham faol ishtirok etib, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda aks etayotgan yangiliklarni aholi vakillariga tushuntirmoqda.

Nukus shahridagi 2-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tashviqot tadbirida Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Jumamurodov ishtirok etib, Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati va unga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir. Bundan tashqari, Bosh qomusimizda ota-onalarning o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish va tarbiyalash, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi uchun ham g‘amxo‘rlik qilishi belgilanmoqda, – dedi deputat.

Tadbirda maktab o‘qituvchilari ham so‘zga chiqib, yurtimizda ustoz-murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, o‘qituvchilarga munosabatni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda bu borada ham yangi normalar o‘z aksini topayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Yana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi Nukus tumani 6-umumta’lim maktabida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Leyli Seytova ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda deputat ishtirokchilarni yangilanayotgan Konstitutsiyamizda o‘rin olgan ekologiyaga oid normalar bilan tanishtirdi.

– bugungi kunda ekologik muammolar jiddiy tus olmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda avtomobillar soni 1,3 millionga ko‘payib, 3,6 millionga yetgan bo‘lsa, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganidan dalolat bermoqda. Shu munosabat bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada «davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi», degan norma mustahkamlanmoqda. Shuningdek, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.

Targ‘ibot tadbirlarida fuqarolar, turli soha vakillari yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

M.Komilova, O‘zA