Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello rahbarligidagi delegatsiya Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida professor-o‘qituvchilar, talabalar bilan uchrashdi.

Dastlab mehmonlarga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, mavjud ta’lim tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi, universitetda mavjud o‘quv yo‘nalishlari haqida tushuncha berildi. Ayni kunlarda yurtimizda kechayotgan muhim jarayon – Konstitutsiyaviy islohot, referendum oldi tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yevropalament vakillari bugungi talabalar fikri bilan qiziqdi, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik rivoji aynan shu yoshlarimizga bog‘liqligini ta’kidladi.

Uchrashuvda xorijiy universitetlar bilan, “erasmus-plus” dasturi asosida, ilmiy izlanishlar borasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mulohazalar bildirildi.

Delegatsiya a’zolari talabalar bilan suhbat davomida berilgan savollarni tinglab, o‘g‘il-qizlarimizning salohiyati, dunyoqarashiga yuqori baho berdi.

– O‘zbekistonga 25 yil oldin ham kelgandim, – dedi fransiyalik mutaxassis Terri Mariani. – O‘tgan vaqt davomida mislsiz ijobiy o‘zgarish yuz berganiga guvoh bo‘ldim. Ma’lumki, GSP+ a’zoligi mamlakatingizga benefitsiar maqomini taqdim etadi. Bu bir tomondan qulay imkoniyat, boshqa tomondan ulkan mas’uliyat. Qayd etish kerak, hozir GSP+ bo‘yicha muvaffaqiyatli ish olib borilyapti. Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston savdo aylanmasi 60 foiz o‘sgan. Qolaversa, universitetlar o‘rtasida, siyosiy, texnikaviy va ta’lim bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan. Umuman, Markaziy Osiyo nafaqat biz, balki butun dunyo uchun juda muhim hudud hisoblanadi. Hozircha mintaqa mavjud salohiyati, imkoniyatini to‘liq namoyon etmagan. Har ikki tomon uchun manfaatli turli loyihalarni amalga oshirish mumkin. So‘zim yakunida yaqinda yurtingizda bo‘ladigan siyosiy jarayon – referendum masalasiga ham to‘xtalib o‘tsam. Biz ayni muhim voqeaga jiddiy e’tibor qaratyapmiz. Yangi konstitutsiya orqali respublikada inson huquqini himoya qilishning yangi huquqiy asosi yaratiladi.

Samimiy ruhda, qiziqarli o‘tgan uchrashuv chog‘ida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Yevroparlament vakillaridan javob oldilar.

Go‘zal Sattorova, O‘zA