Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda qurilish materiallari sohasida kadrlar tayyorlash masalalari tahliliga asosiy e’tibor qaratildi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ma’lumot berishicha, mazkur sohada umumiy band xodimlar soni 140 ming nafarni tashkil etadi. Shundan 7 ming nafari ma’muriy boshqaruv xodimlari, 21 ming nafari (15 foiz) muhandis va texnologlar, 112 ming nafari ishlab chiqarish xodimlari hisoblanadi.

–Qo‘shimcha ishchi resurslariga ehtiyoj 50 ming nafarni tashkil etadi, – dedi J.Shermetov. – Shundan, 40 ming nafar o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar, ya’ni sement maydalovchi, klinker kuydiruvchi, mashinist, konchi, toshtarosh, shishasoz, operator va boshqalar. 10 ming nafari oliy ma’lumotli mutaxassislar bo‘lib, ular kimyogar texnolog, muhandis, energetik kabilardir. bugungi kunda respublikamizning 21 ta oliy ta’lim muassasalarida sohaga kadrlar tayyorlanmoqda.

Respublikadagi muhandis-texnik yo‘nalishdagi oliygohlar tomonidan hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalish va tarmoq uchun xorijiy oliygohlar bilan birga, muhandis va texnologlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Toshkent arxitektura-qurilish instituti tarmoqda Turkiyaning ixtisoslashgan oliygohlarini jalb etgan holda muhandis va texnologlar tayyorlaydi. E’tiborlisi, 2026 yilga qadar qurilish materiallari sohasi uchun 10 ming nafar oliy ma’lumotli mutaxassislar – kimyogar texnolog, muhandis, energetiklar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilganidek, mamlakatimizning 16 ta professional ta’lim muassasasida qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlayotgan kasb-hunar maktablari va kollejlar bilan hamkorlikda 2026 yilga qadar 40 ming nafar o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassislar va ishchilar tayyorlanishiga erishiladi. Shuningdek, bu borada uyushma bir qator tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilmoqda.

Brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2019/2020 o‘quv yili uchun 82 nafar, 2020/2021 o‘quv yili uchun 48 nafar, 2021/2022 o‘quv yili uchun 10 nafar, 2022/2023 o‘quv yili uchun 22 nafar xodimga 62 ta tegishli tavsiyanoma berilgani va ular oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingani haqida ham ma’lumot berildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA