Prezidentimizning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari uchun ajratiladigan 545 milliard so‘m mablag‘ hisobidan amalga oshiriladigan 348 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Barcha ob’ektlarga davlat ekspertiza xulosalari olindi. Shuningdek, Kegeyli tumanida 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ob’ekti tender savdolariga joylashtirildi va Nukus suv tozalash inshooti ob’ekti kompleks ekspertizaga taqdim etildi. bugungi kunda 346 ta ob’ekt tender savdolariga joylashtirilib, 294 ta ob’ektlarda tender savdolari yakunlandi.

Nukus shahridagi mahallalarni “Chimboy guzari” mahalla fuqarolar yig‘ini namunasida obod mahallaga aylantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Nukus shahridagi 7 ta (“Qosko‘l”, “Qum ovul”, “Bo‘z ovul”, “Qizil qum”, “Qutli makon”, “Teleoray”, “Jeke terek”) mahalla fuqarolar yig‘inlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 75 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, mahallalardagi yo‘llar chig‘anoqli qum bilan tekislanib, qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Mahallalarda jami 286 ta elektr tarmog‘i yangidan tortildi, 4,3 kilometr elektr tarmog‘i va 6 ta transformator ta’mirlandi. Jami 9289 ta xonadondan 99,8 foizi, ya’ni 9275 tasi ichimlik suv bilan ta’minlandi. Mahallalarda 180 ta sport maydonchasi va uning atrofida kichik xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha Nukus shahri va tumanlar hokimliklari tomonidan mahallalar kesimida yer maydonlarini ajratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Tashrif davomida berilgan topshiriqlar va 25 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 13.1.1 bandiga asosan Nukus shahar ichimlik suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilishga 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagan 208 ta mahalla to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Ularda ichimlik suv tarmoqlarini qurish, quduq qazish va suvni chuchuklantiruvchi stansiyalarini qurish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 2022 yil 7 apreldagi Prezidium qarori bilan shahar va tumanlar hokimliklari tasarrufidagi ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash uchun ular huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmalariga 2 yil muddatga 48 milliard so‘mlik ssuda mablag‘i ajratilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 850 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shundan 2022-2023 yillarda umumiy qiymati 180,4 milliard so‘mlik farmatsevtika sohalarida amalga oshiriladigan 4 ta yangi investitsiya loyihasi, shuningdek, istiqbolli 5 ta investitsiya loyihasi ro‘yxati shakllantirilib, umumiy qiymati 1,4 trillion so‘mlik 33 ta loyiharni ishga tushirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 dekabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori bilan belgilab berilgan talab asosida “Shumanay eko teks” MCHJ tomonidan Shumanay tumanida paxta-to‘qimachilik klaster korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirildi. Nukus shahrida “Eco Company” MCHJ tomonidan 5 million dollarlik “Suvni tozalash va demineralizatsiyalash innovatsion uskunalari va nasoslar ishlab chiqarish”,“Tuproqqala Tur” MCHJ tomonidan 10 million dollarlik “Aqchako‘l bo‘yida eko-etno arxeologik turizm majmuasini tashkil etish”, To‘rtko‘l tumanida “Milliy Sanoat Holding” MCHJ tomonidan 10 million dollarlik “O‘rta va kichik biznes uchun zamonaviy sanoat zonasini tashkil etish” loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha takliflar kiritildi.

Nukus shahrida yillik quvvati 20 million dona bo‘lgan 61x120x250 va 85x120x250 o‘lchamdagi silikat g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega “Barxan Silikat” MCHJ faoliyat yuritmoqda. Uy-joy tannarxini arzonlashtirish maqsadida ko‘p qavatli uy-joylarning qurilishida silikat g‘ishtlaridan keng foydalanilmoqda. Shuningdek, hozirgi vaqtda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilayotganligi hamda unumdor tuproqni asrash, silikat g‘isht ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida Nukus shahri kichik sanoat zonasi hududidagi 4 gektar maydondan “Quvonch Baxt Nur” MCHJ tomonidan silikat g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha taklif kiritilgan.

Tuman hokimliklari, tijorat banklari hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab  chiqildi. Qiymati 1,5 trillion so‘mlik 232 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 152 ming nafardan ortiq aholi bandligi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari  to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, shimoliy tumanlar qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 2022-2024 yillarda qayta foydalanishga kiritish ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Dastur doirasida 421 gektar maydonda butazorlar tozalanib yerlar  tekislandi. 248 kilometr sug‘orish tarmog‘i tozalandi, 16,2 kilometr masofada yangidan suv tarmog‘i qazildi, 27,4 kilometr kollektor tarmog‘i tozalandi, 2 dona nasos agregati qurilib, 0,5 kilometr masofaga elektr tarmoqlari tortildi hamda 1 dona transformator o‘rnatildi. O‘zlashtirilgan maydonlarning 116 gektarida yangidan mevazor barpo qilindi. Shuningdek, mahalliy tashabbuskorlar  tomonidan 12,8 ming gektar maydonni o‘zlashtirish bo‘yicha manzilli ro‘yxatlar ishlab chiqildi. Boshqa ekin maydonlari hisobidan 8 ming gektarni lotlarga ajratgan holda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” dagi ehtiyojmand aholiga dehqonchilik qilishlari uchun shaffof mexanizm asosida ajratib berildi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Talabgorlar bilan quruvchi korxonalar o‘rtasida 12,2 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va 1904 gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari va “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida 186 dona qiymati 88,6 milliard so‘mlik paxta terish mashinalarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzildi.Sholi yetishtiruvchi sub’ektlarni yuqori hosilli urug‘liklar bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Mahalliy sholi yetishtirishda xorij tajribasini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritildi. Filippin Xalqaro sholichilik ilmiy markazidan ilmiy shartnoma asosida olib kelinadigan 200 ta sholi nav va namunalarini respublika hududiga olib kirish uchun O‘simliklar karantini va himoyasi agentligidan import karantin ruxsatnomasi (IKR) rasmiylashtirildi.

Mevali bog‘ barpo etish uchun 634 ming dona mevali ko‘chat olib kelinib, 735 gektar maydonda bog‘ barpo etildi. Shuningdek, 650 gektar maydonga uzum ko‘chati ekildi. Ayni paytda ushbu ishlar davom ettirilmoqda. “Meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalarini rivojlantirish masalalari” ga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 2-ilovasiga muvofiq, 22 ta yangidan tashkil etiladigan klaster korxonasiga fermer xo‘jaliklari biriktirildi. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining jamg‘armasidan 15,2 milliard so‘m ajratilib, Amudaryo, To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlarida 4 mingta aholi xonadonida ixcham issiqxona tashkil etish bo‘yicha fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi.

bugungi  kunga qadar 51 milliard 236 million so‘mlik 87 ta loyiha, jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida 14 ta, qo‘y va echkichilik yo‘nalishida 6 ta, parrandachilik yo‘nalishida 11 ta, quyonchilik yo‘nalishida 1 ta, asalarichilik yo‘nalishida 51 ta, qayta ishlash yo‘nalishida 4 ta loyiha moliyalashtirildi. 2022 yilda 9 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 500-1000 boshli chorvachilik kompleksi tashkil etilib, ushbu klasterlar tomonidan jami 4,9 ming bosh qoramol parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda kooperatsiya asosida 73 bosh chorva moli aholi xonadonlariga yetkazib berildi. Beruniy tumanidagi 40 ta mahallada jami 326 ta aholi xonadoniga 103 mingga yaqin, shuningdek, Taxiatosh tumanidagi 13 ta mahallada 252 ta aholi xonadoniga 16 mingga yaqin xonaki parranda tarqatilib, parvarishlanmoqda. bugungi kunda 1 ming 842 ta aholi xonadoniga 17 ming 546 bosh qo‘y va echki hamda 391 ta aholi xonadoniga 4 ming 358 dona asalari uyasi tarqatildi.

Joriy yilda ham 100 ming gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etish belgilangan. Buning uchun zarur bo‘lgan 590,2 tonna, shu jumladan, mahalliy aholi tomonidan 382,7 tonna cho‘l o‘simliklarining urug‘i jamg‘arildi. Hozirgi kunga qadar ishchi-xodimlar tomonidan jami 107,1 ming gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etildi. Bundan tashqari, shahar va tumanlar markazlarida 61,8 gektar maydonda yashil bog‘lar barpo qilinib, ekish ishlari davom etmoqda.

Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarida 13 ming 465 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi. 2 ming 790 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltirildi. Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ homiylik mablag‘i hisobidan Qonliko‘l tumani “Bo‘ston” OFY dagi 180 o‘rinli umumta’lim maktabi, “Besko‘pir” OFY dagi 150 o‘rinli va “Arzimbetqum” OFY dagi 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish ishlari olib borildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 maydagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ qo‘shma korxonasida 2022-2025 yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 250 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, ijara huquqi asosida yer maydoni ajratildi. Bosh reja loyihalariga asosan, Qo‘ng‘irot tumani “Yelabad” shaharcha fuqarolar yig‘ini “Yangi O‘zbekiston” massivida jami 5 qavatli 10 ta 228 xonadonli, shundan 30 xonadonli 2 ta, 20 xonadonli 6 ta va 24 xonadonli 2 ta turar joylar qurilishi rejalashtirildi.

Orolbo‘yida tabiiy gaz ta’minotiga qayta ulanadigan 13 ming 661 ta aholi xonadoni gaz quvurlarining texnik holatini xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi. Xatlov ishlari yakunlangan aholi punktlarida gaz tarmog‘iga ulash ishlari amalga oshirilmoqda. bugungi kunda 478 ta aholi xonadoni gaz tarmog‘iga ulandi.“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 40,9 kilometr gaz tarmog‘ini joriy ta’mirlash ishlari belgilab olindi. Hozirgi kunda “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan 34 kilometr gaz quvuri ta’mirlandi.

Davlat dasturlari asosida jami 6 ming 65 ta qo‘shimcha o‘rin yaratish orqali bolalarning bog‘chalarga qamrov darajasini 80,1 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Oliy ta’lim muassasalari mutaxassislik kafedralari tarmoq korxona va tashkilotlariga biriktirildi hamda kafedra o‘qituvchilarining mazkur korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishi, korxonalarda mavjud laboratoriyalar va moddiy-texnika bazasidan foydalanishlari hamda talabalarning amaliyotini o‘tashlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Chimboy tumanida joylashgan sobiq “Qizil o‘zek” qishloq xo‘jaligi kolleji negizida Qoraqalpoq davlat universitetining Chimboy fakulteti tashkil etildi.

Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida” gi qarori asosida “Bolalar tibbiyot klasteri” binosini 2023 yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi belgilangan. Shuningdek, “Mahalla tibbiyot punktlari” ni barpo etish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l, Chimboy tumanlarida tashkil qilingan qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari 57 dona tibbiy asbob-uskuna bilan ta’minlandi. Har bir tumanga 3 dona kompyuter tomografiyasi va 3 dona rentgen uskunasi olib kelindi. Chimboy, Beruniy, Qo‘ng‘irot va Kegeyli tuman tibbiyot birlashmalarining tug‘uruq bo‘limlari 16 million 470 ming so‘mlik 6 turdagi 48 dona zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan ta’minlandi. 2022 yil 1 iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat byudjeti mablag‘i hisobidan to‘lanishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Respublika yoshlar ovozi” festivalida 238 ming nafar yosh o‘z iqtidorini namoyish etdi. Tanlovda baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada kabi 4 ta yo‘nalishda g‘oliblar pul mukofoti bilan taqdirlandi. Mo‘ynoq tumanida “Stixiya” elektron musiqa festivali, “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik xalqaro festivali hamda “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” mavzusida xalqaro ekofestival, 2022 yil sentyabr oyida Ahmad Yassaviy tariqati davomchisi Hakim ota Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Mamlakatimizda, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, tizimli chora-tadbirlar aholi farovonligini yanada oshirish, turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz bu safargi tashrifi chog‘ida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida yuz bergan olamshumul yangilanishlar bilan tanishadi. Respublika faollari bilan uchrashadi. Hududlarni yanada yuksaltirishning, odamlar turmush darajasini oshirishning kelgusidagi yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA