Birlashgan Millatlar Tashkiloti matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Rossiyaning Belarus hududiga taktik yadroviy qurol joylashtirish rejasi bilan bog‘liq xabarlarni izohladi.

– “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomaning barcha ishtirokchilari, jumladan, yadroviy kuchga yoki bunday qurolga ega bo‘lmagan davlatlar ushbu hujjat bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatiga qat’iy rioya qilishi kerak, – dedi BMT vakili. – Noto‘g‘ri hisob-kitobga, halokatli oqibatga olib kelishi mumkin bo‘lgan hech qanday harakatga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xavf juda yuqori, bu xavotirli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikkinchi tomon iltimosiga ko‘ra, AQSH anchadan buyon ittifoqchi davlatlar hududida amalga oshirib kelayotgani kabi, Rossiya ham o‘z taktik yadro qurolini Belarus hududida joylashtirmoqchiligini ma’lum qilgan.

O‘zA