Nukusda 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar yig‘inlari faollari, raislari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib. mahalla tizimi xodimlarini kasb bayrami, shuningdek ezgulik va mehr-muruvvat timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini hisoblangan mahalla institutining o‘rni va ahamiyatini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalarning farovonligini ta’minlash, xalqlar do‘stligini mustahkamlash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq va mahallalarda dolzarb masalalarni tizimli hal etish, infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “mahallabay” ishlash tizimi asosida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida” gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida 289 ta ob’ektda deyarli 300 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga yordam ko‘rsatilmoqda.

–Hudud aholisi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishi natijasida o‘tgan yili jinoyatchilik sodir etilmadi,– deydi Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gүlinar Utemuratova. – Bu borada hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektori bilan hamkorlikda ish olib borildi.

Bayram arafasida davlatimiz rahbarining farmoni bilan mamlakatimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish orqali fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi katta xizmatlari, xalqimiz orasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p asrlik an’analarimizni asrab-avaylash, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda oilalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh soha fidoiylari mukofotlandi. Jumladan, Bo‘zatov tumanidagi “Erkindaryo” ovul fuqarolar yig‘inining keksalar maslahat guruhi faoli Tengelatdin Niyetullayev “Mehnat shuhrati” ordeni, To‘rtko‘l tumanidagi “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Jumabay Begmuratov “Do‘stlik” ordeni, Ellikqal’a tumani “Qirqqizobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi kasb-hunarga o‘qitish markazi ishlab chiqarish ta’limi ustasi Nigara Rahimova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Shuningdek, soha fidoyilaridan 10 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan “Vatan fidoyisi” ko‘krak-nishoni, 18 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Faxriy yorlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining tegishli buyrug‘iga asosan 28 nafari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining bayram konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA