Navro‘z – yasharish, yangilanish bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani markazidan olis hududda joylashgan “Oltinsoy”, “Biybozor” hamda Abay ovul fuqarolar yig‘inlaridagi oilaviy shifokorlik punktlari qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi.

Ularning ochilish marosimida tuman hokimi A.Saparbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbanov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etdi va davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tibbiyot sohasini isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

“Oltinsoy” ovul fuqarolar yig‘inidagi 6223 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy shifokorlik punktining eski binosi ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi tufayli aholining murojaatiga sabab bo‘layotgan edi. Navro‘z ayyomi arafasida aholiga qulaylik yaratish maqsadida oilaviy shifokorlik punkti zamonaviy tipda qayta ta’mirlandi.

Abay ovul fuqarolar yig‘inidagi oilaviy shifokorlik punktining 8 nafar patronaj hamshirasi har bir xonadondagi 5 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar, tibbiy davolanishga muhtoj nogironlar, surunkali kasallikka chalingan bemorlar holidan xabar olib, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tishiga yordam beradi. Oilaviy shifokorlik punktida kunduzgi statsionar muolaja xonasi, EKG, ayollar maslahatxonasi, stomatolog xonalari va jihozlari mavjud. Oilaviy shifokorlik punkti mudirasi Svetlana Adilovaning ta’kidlashicha, haftaning belgilangan kunida tor doiradagi shifokorlar tuman markazidan borib, tibbiy ko‘rik o‘tkazishi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Hudud katta bo‘lganligi sababli, “Tolliq” aholi manziliga tibbiyot konteyneri o‘rnatilib, unda barcha sharoitlar yaratilgan edi. Navro‘z bayrami arafasida “Biybozor” ovul fuqarolar yig‘inidagi Biybozor oilaviy shifokorlik punkti qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi. Tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan ovulda oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirilishi aholiga bayram tuhfasi bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri