Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam keng nishonlanmoqda.

Nukus shahridagi Yoshlar markazi hamda I.Savitskiy nomli Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi yonidagi bayramona bezatilgan xiyobonlarda  “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirokchilar va mehmonlarni Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, asrlar davomida takomillashgan Navro‘z – bu xalqimizning go‘zal qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ota-bobolarimizdan bebaho meros sifatida e’zozlanib kelinayotgan milliy bayram sifatida qalbimizdan teran o‘rin egallaydi. Ayniqsa, so‘nggi yillari go‘zallik, tiriklik va uyg‘onish fasli sifatida barchaorziqib, sog‘inib kutadigan tom ma’nodagi xalqchil bayramga aylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan maxsus qaror asosida joriy yilgi bayram mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanmoqda. Albatta, bunda teran ma’no bor. Chunki, ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z bayrami insonlar o‘rtasida xayr-saxovat muhitini  mustahkamlash, yosh avlodni asrlar davomida takomillashgan  dasturlarimiz bilan milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Co‘nggi yillari Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining farovon hayotini ta’minlash borasida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilinayotgan farmon, qaror va davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar  infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida 289 ta ob’ektda deyarli 300 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida og‘ir turmush sharoitidagi 21 mingdan ziyod  oilaning uy-joyini ta’mirlash hamda yangidan qurish, shuningdek, tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari olib borilmoqda. Mana shunday e’tibor natijasida hududning sanoat salohiyatini oshirish borasida o‘tgan yilning o‘zida Nukus shahrida, Beruniy, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq tumanlarida yirik loyihalar ishga tushirildi.

Konsert dasturi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti M.Sapayevaning ijrosidagi “Keldingmi, bahor” kompozitsiyasi bilan boshlandi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli,  O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Maqom” ansambli, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari artistlari hamda raqqosalari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, qiz yigitlar aytishuvi, turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga fayz bag‘ishladi. Bayram tadbirlari doirasida turli sport musobaqalari hamda xayriya aksiyalari o‘tkazilib, milliy kiyimlar, hunarmandlar mahsulotlari va rassomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.

 

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA