Og‘ir kunlarda har qanday davlat va jamiyatning eng muhim ehtiyoji, avvalo, do‘stlarini yonida ko‘rishdir. 6 fevral kuni Turkiya xalqi «Asr falokati» deb nomlangan va ketma-ket sodir bo‘lgan zilzilalarni boshidan o‘tkazdi.
Zilziladan jabrlanganlarga Turkiya Respublikasi, turk millati va nodavlat notijorat tashkilotlari va butun dunyodan, ayniqsa. O‘zbekistondan zarur ko‘mak berildi.
Zilzila sodir bo‘lgan birinchi kundanoq Turkiya barcha o‘zbek muassasa va tashkilotlari hamda fuqarolarining, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va birodarlik hamdardligini, ijtimoiy yordam va qo‘llab-quvvatlashini katta iftixor va mamnuniyat bilan tilga olmoqda.
Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi do‘stlik, birodarlik, yordam va ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekistonga ramziy ma’noda minnatdorlik bildirish maqsadida «Tashakkur qabul marosimi»ni tashkil etdi.
Tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar janoblari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
– Ro‘y bergan zilzilalar oqibatida Turkiya «Asr falokatini» boshidan o‘tkazdi. bugungi kungacha 7 nafar o‘zbek qardoshimiz bilan jami 47 475 kishini ushbu mash’um falokatda yo‘qotdik, – deydi elchi janoblari, – O‘zbekiston davlati va xalqi tarixda ham bo‘lgani singari, bu mash’um falokatdan so‘ng ham, olijanobligini namoyish etib, bizni yolg‘izlatib qo‘ymadi. Dastavval Prezident Mirziyoyev, Vazirlar Mahkamasi va davlat tashkilotlarining deyarli barcha yuqori darajali rahbarlari elchixonamizga tashrif buyurib, hamdardlik izhor etganlari xotiradan hech qachon o‘chmaydigan birdamlik timsoli bo‘ldi.
Darhaqiqat, O‘zbekistondan 6 fevraldan 13 fevralgacha Turkiyaning Adana viloyatiga qidiruv-qutqaruv, tibbiyot jamoalari hamda gumanitar yordamni tashuvchi 6 ta alohida reys tashkil etildi. Bu reyslar orqali Turkiyaga yetib borgan 100 kishidan iborat O‘zbekiston qidiruv-qutqaruv jamoasi Xatay viloyatida qutqarish ishlarini bajardi.
– Zilzila xabari kelib tushgan ilk lahzalardanoq elchixonamiz muvofiqlashtiruvida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston–Turkiya tadbirkorlari uyushmasi (UTID), Turkiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Mustaqil sanoatchi-tadbirkorlar kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi kabi tashkilotlar qo‘shgan hissalar bilan Toshkentda 3 ta manzilda ashyoviy yordamlar yig‘ildi, – deya so‘zini davom ettirdi elchi janoblari, – O‘zbekistonning har yeridan saxiy o‘zbek qardoshlarimiz tomonidan yuborilgan yordamlar 12 fevraldan boshlab O‘zbekiston hukumati Sergeli tumanida ajratib bergan INDEKS omborida muvofiqlashtirildi.
Yuz bergan falokatdan ikki kun o‘tib, 8 fevral kuni yana 71 kishilik tibbiyot xodimi Turkiyaning Xatay viloyatida dala gospitali o‘rnatib, yaradorni davolashga kirishdi. Dala gospitalida 1 795 nafar erkak, 1 177 ayol va 888 nafar bolaga, jami 3 860 nafar Turkiya fuqarosiga tibbiy yordam ko‘rsatdi. Shu bilan birga yurtdoshlarimiz zilzila hududlariga borib, o‘zbek palovini pishirib, ehtiyojmandlarga tarqatdi.
– Bunday og‘ir kunlarda davlat va jamiyatlarning eng muhim ehtiyoji do‘stlarini yonida ko‘rishdir. Turkiya Respublikasi ham shunday og‘ir damda moddiy va ijtimoiy yordamlardan ham ko‘proq dardiga malham bo‘lgan do‘stlarini ko‘rganidan juda mamnun bo‘ldi, – deydi tadbir ishtirokchisi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Elchi janoblarining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston havo yo‘llari, Turk havo yo‘llari, MNG Kargo va yuk transportlari orqali bugungacha Turkiyaga 674 tonna gumanitar yordam ashyolari yetkazib berilgan.
– bugungi kungacha 644 000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ mamlakatimizga yuborildi. Mablag‘lar hamon kelishda davom etmoqda. Bizdan yordamini ayamagan mutasaddilarga minnatdorlik izhor etishni o‘zimning burchim deb bilaman, – deydi tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA