Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Unda dastlab «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida uning bugungi kundagi zarurati, ahamiyati va muhimligini e’tiborga olib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar berdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan ko‘plab savollar o‘rtaga tashlandi va mutasaddilardan atroflicha javoblar olindi.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasi kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish hamda mazkur sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar tomonidan yer va suv resurslaridan samarali foydalanish va ularning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida ishchi guruh a’zolari, mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Hujjatda kiritilayotgan yangi normalar fermer xo‘jaliklarining erkin va samarali faoliyat yuritishlariga turtki bo‘lishi aytildi.

Muhokamalardan so‘ng kun tartibidagi qonun loyihalari ma’qullandi.

M.Komilova, O‘zA