Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqish jarayonida Senat Raisi Tanzila Norboyeva konstitutsiyaviy islohotlar davlatimizning demokratik rivojlanish yo‘lidagi qat’iy irodasi ekanini alohida ta’kidladi.
Xalqimiz manfaatlarini to‘laroq ta’minlashga oid normalar milliy qonunchilikning takomillashuvi bilan bir qatorda amalda xayrli ishlar ko‘lami oshishiga xizmat qiladi.
Ta’lim olish huquqi va o‘qituvchilar Konstitutsiya himoyasida bo‘lishi, majburiy mehnat taqiqlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanishi, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlanishi, yoshlar, bolalar, ayollar huquqlari davlat himoyasi ostida bo‘lishi – bu chinakam demokratik davlatga xos xususiyatlardir.
Senatorlar loyihada aholimizning 18 milliondan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bag‘ishlangan alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladi.
Fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilishga oid normalar mustahkamlanmoqda. Majlisda ushbu konstitutsiyaviy norma Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish, iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqaradigan zararli gazlar hajmini yalpi ichki mahsulot hisobida 10 foizga qisqartirish kabi maqsadlarga erishish uchun poydevor bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sirini oldini olish maqsadida davlat shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratadi, deb ta’kidladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalariga oid normalar yanada rivojlantirilmoqda. Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda loyihadagi ushbu normalar ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat yaratishi qayd etildi.
Bu jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot mustahkamlanishi, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, yurtimizda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksaltirish uchun zamin hozirlaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA