Fransiya parlamentining yuqori palatasi – Senati kecha hukumat taklif qilgan pensiya islohotini mamlakat bo‘ylab yanvar oxiridan beri davom etayotgan norozilik namoyishi asnosida ma’qulladi. Bu haqda Bosh vazir Elizabet Born ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi:

– Yuzlab soat davom etgan bahs-munozaradan so‘ng Senat pensiya islohoti matnini qabul qildi. Bu pensiya bo‘yicha siyosatimiz kelajagini ta’minlaydigan hal qiluvchi bosqich edi. Islohot tez orada yakuniy qaror bilan to‘liq kuchga kiradi.

Mazkur qonun loyihasini 195 senator ma’qulladi,  112 noib qarshi ovoz berdi.

Navbatdagi bosqichda quyi palata – Milliy assambleyaning 7 nafar deputati va 7 senatordan iborat qo‘shma komissiya loyihaning yakuniy shaklini kelishib olishi lozim.

15 mart kuniga belgilangan komissiya yig‘ilishidan keyin parlamentariylar kelishuvga erishsa, yakuniy matn 16 mart kuni avval Senatda, keyin Milliy assambleya yig‘ilishida ovozga qo‘yiladi. Har ikki palata yoqlab ovoz bergandan keyingina, nihoyat hujjat tasdiqlanadi.

O‘zA