Kecha, 11 mart kuni Eron matematika jamiyati prezidenti, Mashhaddagi Firdavsiy universiteti professori Muhammad Sal Moslehyan Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi.

Matematika fakulteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda eronlik professor bugun dunyo ilm-fani, xususan, matematik analiz sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, bu borada Eronda olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

— Go‘zal tarixi bilan butun dunyoda mashhur ko‘hna Samarqand shahriga birinchi marta kelyapman, – deydi professor. – Qadimiy shaharning qadimiy oliy ta’lim muassasasi Samarqand davlat universiteti menda katta taassurot qoldirdi. 35 yildan buyon matematik analiz sohasida ilmiy-tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda talabalarga dars berib kelaman. Bugun samarqandlik talabalarning ko‘zlarida ilm-fanga, matematikaga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib quvondim.

Martabali mehmon faoliyati davomida Eron matematika jamiyatiga tegishli bir nechta ilmiy jurnallarda bosh muharrir sifatida tahrir jarayonlarida ishtirok etgani, ushbu jurnallarga qabul qilinayotgan o‘zbekistonlik olim va tadqiqotchilar ilmiy maqolalarini kuzatib, taqdim etilayotgan tadqiqot natijalari yuqori ilmiy aniqlikka ega ekanini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida, shuningdek, Samarqand davlat universiteti va Firdavsiy universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan do‘stona aloqa yanada mustahkamlanishi qayd etildi.

— bugungi uchrashuv talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi, – deya fikr bildirdi matematika fakulteti magistri Davlat Kamoliddinov. – Eronning eng yirik qadimiy kutubxona va madrasalari, aynan, mana shu shaharda joylashgan. Bugun ushbu tarixiy ilmiy maktabning zamonaviy namoyandalaridan biri – Muhammad Sal Moslehyan bilan uchrashdik. Suhbatda talaba va yosh tadqiqotchilar uchun muhim ma’lumotlar berildi, fikr almashildi.

Darhaqiqat, Mashhad qadim zamonlardan buyon dunyoning yetakchi ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgani tarixdan ma’lum.

Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Eronlik professor chet elda ilmiy-tadqiqot olib borish hamda magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida o‘qishni istagan talabalarga tavsiya berdi.

O‘zA