O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish belgilangan.

— bugungi kunda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari bilan nazorat qiluvchi organlar, xususan, Davlat soliq xizmati organlari bilan yuzaga kelgan munosabatlarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yuridik bo‘lim boshlig‘i J.Musulmanov. – Kengash tomonidan Qo‘ng‘irot tumani “Mehnatobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “ERBOL SHARUA” fermer xo‘jaligi manfaatini ko‘zlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasiga qarata 549 million 183,7 ming so‘m ortiqcha to‘langan soliq summasini undirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi. Mazkur da’vo ariza 2023 yil 30 yanvar kuni Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirildi va “ERBOL SHARUA” fermer xo‘jaligi tomonidan ortiqcha to‘langan 549 million 183,7 so‘m pul mablag‘i fermer xo‘jaligiga qaytarildi.

Shuningdek, Taxiatosh tumani Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan inspeksiyaning 2023 yil 9 yanvar kungi qarori asosida ushbu tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan aylanmadan olinadigan soliq hisobotlari o‘z vaqtida topshirilmaganligi holati yuzasidan tuman kengashi bosh hisobchisiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima tayinlangan.  Joriy yilning 24 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tumani sudi tomonidan Inspeksiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lib berilgan shikoyat arizasi asosida ish ko‘rib chiqildi. Natijada, shikoyat arizasi qanoatlantirilib, Taxiatosh tumani davlat soliq inspeksiyasining 2023 yil 9 yanvar kungi qarori bekor qilindi

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA