Hech bir o‘zbek oilasini farzandsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Farzand oilalarning baxtiyor, farovon yashashini ta’minlovchi kuchdir. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu-maqsad va intilish bilan yashaydi.

Bolalarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Konstitutsiyaning 65-moddasiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Jumladan, farzandlar ota-onasining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar qonun oldida tengdir. Bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning burchidir, degan norma kiritilmoqda.

Ota-onalarga farzandlarni boqish va tarbiyalash majburiyatidan tashqari, ularning ta’lim olishini, sog‘lom bo‘lishini ta’minlashi singari majburiyatlar ham yuklatilmoqda.

Davlat esa farzandlarimizning sog‘lom o‘sishi, raqobatbardosh kasblarni egallashi uchun moliyaviy jihatdan yordam berish borasida majburiyatlarni olyapti.

Yangi norma bilan ota-onalar qatoriga ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ham kiritilmoqda. Xususan, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga o‘z farzandlarini voyaga yetgunga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati, shuningdek, ularning ta’limi, sog‘lom, to‘laqonli va uyg‘un kamol topishini ta’minlash majburiyati belgilanmoqda.

Ayrim hollarda masalan, bolalarning qarindoshlari: ota-onalarining ukalari, turli xil shaxslarga o‘rnatilgan tartibda yangi qonun doirasida ruxsat olingandan keyin ularga ota-ona o‘rnini bosuvchi maqomi beriladi.

Albatta, bu jarayonlarda ular bolalar oldidagi burchini bajarishi kerak. Bu majburiyat hisoblanadi.

Aytish kerakki, Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur normalar O‘zbekistonda oila va farzandlarga nisbatan ota-onalarning daxldorlik hissini kuchaytiradi. Bolaning ta’lim va tarbiya olishi, sog‘lig‘ini saqlash va uyg‘un kamol topishini kafolatlaydi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA