O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov va Senat a’zosi B.Matmuratov Kegeyli, Nukus, Xo‘jayli tumanlari va Nukus shahrida bo‘lib, qabul qilingan qaror va farmonlarda belgilangan vazifalarning tuman hududida bajarilishi va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab senatorlar “Qumshungul” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 6 milliard 159 million so‘m mablag‘ hisobiga yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan 150 o‘rinli 14-maktabgacha ta’lim tashkiloti imoratida yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Qayd etish joizki, mazkur muassasada bolajonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. bugungi kunda ushbu maskanda 132 nafar bolajon malakali va yetuk mutaxassislar tomonidan tarbiyalanmoqda. Muassasa mas’ullari bilan o‘tkazilgan muloqotda ularning fikr va takliflari tinglandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Kegeyli tumaniga biriktirilgan Andijon viloyati tadbirkorlari tomonidan “Oqtuba” ovul fuqarolar yig‘inida 1 gektar yer maydonida yangidan barpo etilgan “Aqtuba textil group” korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lib, 500 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Hozirgi kunda 400 nafarga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Loyiha yiliga 2,4 million dona trikotaj mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona tomonidan Rossiya bilan bir yillik shartnoma imzolangan. bugungi kunda erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari tikilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh Nukus tumanidagi “NUKUS AGRO FISH” mas’uliyati cheklangan jamiyatining baliqchilik klasteri faoliyati bilan ham tanishdi. Intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashgan ushbu korxonaning umumiy yer maydoni 11,7 gektarni tashkil etadi. Shundan 0,23 gektar zamonaviy yopiq turdagi baliq yetishtirish va urug‘lantirish laboratoriyasi, 7 gektar ochiq maydonda har xil turdagi baliqlar uchun moslashtirilgan sun’iy ko‘l maydonlaridan iborat. Korxonada umumiy qiymati 17,3 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilib, zamonaviy baliqchilik klasteri tashkil etilgan. Loyihaga kerakli asbob-uskunalar Rossiya, Italiya davlatlaridan olib kelingan. Asosan Afrika som laqqa baliqlari yetishtirilayotgan korxona kelgusida mahsulotlarini qayta ishlab, Qozog‘iston, Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirgan. Bu yerda 25 ta ish o‘rni yaratilgan.
Senat a’zolari Nukus shahrida “Allaniyaz Qaxraman” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilgan yangi maktab bilan ham tanishishdi. Loyiha qiymati 15,4 milliard so‘m bo‘lgan mazkur maktab 792 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda maktabni ishga tushirish uchun o‘qituvchilar tanlovi olib borilmoqda.
Xo‘jayli tumanida davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. “Un ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi doirasida yillik 50 ming tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega “Xo‘jayli un mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2021 yil 28 dekabr kuni ishga tushirilib, 94 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. bugungi kunda xalqimizga Qozog‘iston bug‘doyidan sifatli un mahsulotlarini yetkazib berib kelmoqda. Hozirgi vaqtda Afg‘oniston davlatiga mahsulotlarni eksport qilish maqsadida shartnomalar tuzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yillik quvvati 1 milliard 250 million so‘mlik qizilmiya ildizini qayta ishlashdan chiqqan chiqindilarni yig‘ish va undan granulalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 2022 yil 29 noyabr kuni ishga tushirilgan “FARMERGY” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida yangi 12 ta ish o‘rni yaratildi. bugungi kunda xalqimizga qizilmiya ildizini qayta ishlashdan chiqqan chiqindilardan sifatli granulalar (pallet) yetkazib berilmoqda. Hozirgi vaqtda Germaniya davlatiga mahsulotlarni eksport qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Senatorlar tomonidan o‘rganishlar davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA