Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Nazirovning ma’lum qilishicha, joriy yil hosili uchun respublika bo‘yicha 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 1 million 20 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan.

bugungi kunda chigit ekiladigan 243,5 ming gektar maydonda pushta olish ishlari olib borilmoqda. Pushta olingan maydonlarning 62 ming gektarida pushtaga nam suvi berilib, qolgan maydonlarga nam suvi berish ishlari tashkil etilgan.

Shuningdek, 478,2 ming gektar maydonda sho‘r yuvish agrotexnik tadbirlari amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ushbu tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda yakunlandi. Ekish ishlarida qatnashadigan jami 142 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari mavsumga tayyor holatga keltirib qo‘yildi.

Hozirda hududlarda tuproqning yetilishiga qarab chigit ekishga yer tayyorlash ishlari boshlanmoqda. bugungi kunda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yer tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Bu yilgi suv taqchilligi sharoitida chigit ekish uchun yerlar o‘z vaqtida va sifatli tayyorlansa, tuproqning tabiiy namiga chigit ekib ko‘chatlar to‘liq undirib olinsa, chigit suvi uchun beriladigan daryo suvini tejab qolish imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun dalaga kirish imkoni bo‘lishi bilan chigit tuproqning tabiiy namiga ekiladigan maydonlarda tuproqning yuza (8-10 sm) qatlami borona bilan yumshatilishi lozim. Mazkur tadbir kechiktirib o‘tkazilsa, tuproqning chigit ekiladigan qatlamidagi namlik bug‘lanib ketishi hamda begona o‘tlarning ko‘payishi natijasida nihol tekis undirib olinmasligi mumkin.

Bundan tashqari, tuprog‘i sho‘rlanmagan, namlik va yog‘ingarchilik miqdori kam bo‘ladigan, pushta olinib chigit ekiladigan hududlarida ekish oldidan yengil, ya’ni gektariga 600-700 m3 me’yorda nam to‘plash suvini berish (pushtani sug‘orish) kerak. Bunda chigitni bir tekis undirib olish bilan birgalikda g‘o‘zani gullash davrigacha sug‘orish suvini tejash imkoniyati yaratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA