O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov bugun Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Tojikiston va Markaziy Osiyo: yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, azaliy do‘stlik va umumiy taraqqiyot siyosati” mavzusidagi konferensiya davomida shunday dedi.

Umuman, konferensiya davomida xalqaro munosabatlar tubdan o‘zgarayotgan bir sharoitda zarur bo‘lgan mintaqaviy hamkorlik istiqboli hamda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni birgalikda ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

SMTI vakili yaxshi qo‘shnichilik siyosatini va konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy aloqani har tomonlama kengaytirish orqali Markaziy Osiyo do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli sheriklik maydoniga, o‘zaro bog‘liq keng bozor, barqaror iqtisodiy o‘sish hududiga aylanib borayotganini ta’kidladi.

A.Ne’matov, shuningdek, bugungi kunda borgan sari jipslashayotgan, ichki va tashqi tahdidlarga chidamli Markaziy Osiyo xalqaro sub’ekt sifatida ham mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Bu ochiq-oydin haqiqat.

Shu nuqtai nazardan ekspert mintaqaning jahon e’tirofiga sazovor bo‘lgani va xorijiy hamkorlarda tobora ko‘proq qiziqish uyog‘otayotganidan dalolat beruvchi qator yaqqol faktlarni keltirdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi olti yilda Markaziy Osiyoning umumiy tashqi savdo aylanmasi ikki barobar ortib, 200 milliard dollardan oshdi, mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimi 45 foiz o‘sib, 2022 yilda 40 milliard dollarni tashkil etdi. Xuddi shu davrda “MO+” formatida mavjud 4 ta mintaqadan tashqaridagi hamkorlar safiga yana 6 ta yangi muloqot platformasi qo‘shimcha ravishda shakllantirildi. Shu bilan birga mintaqaning Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston va Yevropa Ittifoqi bilan muloqoti davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarildi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining yuqori darajadagi birlashuvi e’tirof etilganidan dalolat.

SMTI vakili Markaziy Osiyo davlatlarining muvofiqlashgan hamkorligi natijasida 2016 yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatini birlashtirishga qaratilgan 18 ta rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Markaziy Osiyoning jipslashuvi o‘tgan 25 yil davomida, ya’ni 1991 yildan 2016 yilga qadar BMTning 20 ga yaqin rezolyutsiyasi qabul qilinganida yaqqol namoyon bo‘ladi.

– Shunga qaramay, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik kerak, Markaziy Osiyo farovonligini va barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida birgalikdagi ishlarni davom ettirish zarur, – dedi Akramjon Ne’matov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “xalqaro munosabatlar keskin o‘zgarayotgan, jahon siyosati va iqtisodiyotida inqirozli hodisalar kuchayishib borayotgan bugungi kunda bu masala, ayniqsa, dolzarb. Zero, dunyoviy jarayonlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham bevosita ta’sir etib, mamlakamlarimiz barqaror rivojlanishiga putur yetkazadi. Qolaversa, yangi dunyo tartibini shakllantirish jarayoni xalqaro munosabatlardagi noaniqlik va oldindan aytib bo‘lmaydigan uzoq muddatli tendensiya ekanligi ham aniq”.

Mutaxassis ta’kidlashicha, ushbu vazifalarning murakkabligi yuqori darajadagi mujassamlikni, muammolarni samarali bartaraf etish va mintaqani izchil rivojlantirishning joriy sur’atini saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatni yaqindan muvofiqlashtirishni talab qiladi.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari bunday sharoitda atrofdagi strategik barqarorlikni saqlash, Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun barqaror shart-sharoitni shakllantirish uchun asosiy e’tiborni mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro hamkorlikni siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlashga qaratish zarur, deb hisoblaydi.

Buning uchun, birinchi navbatda, davlatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqotni rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish zarur. Barcha murakkab masalalarni muzokara yo‘li bilan, o‘zaro murosa asosida yechish muhim. Dolzarb masalalar to‘siqqa aylanishi kerak emas, balki muloqot predmeti bo‘lib xizmat qilishi zarur, davlatlar manfaati mintaqaviy taraqqiyot va umumiy farovonlikka intilish nuqtalarida kesishishi lozim.

– Hudud ichidagi muammolarni o‘z kuchimiz bilan, tashqi aralashuvlarsiz hal etishimiz, bu yo‘lda yuksak mas’uliyat namoyon etishimiz kerak, – dedi Akramjon Ne’matov.

Shu maqsadda davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi platformasidan to‘liq foydalanish, faoliyati samaradorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘tgan yili Cho‘lpon-otadagi sammiti yakuni bo‘yicha qabul qilingan 2022-2024 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari yig‘ilishini muntazam o‘tkazish mexanizmini ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.

SMTI vakili, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqotga xalq diplomatiyasi institutlarini jalb qilgan holda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Buning uchun hududiy parlamentlararo, yoshlar, fuqarolik va xotin-qizlar forumlarini o‘tkazish barqaror tus olishi kerak.

Ikkinchidan, Akramjon Ne’matov jahon iqtisodiyotidagi yuqori turbulentlik, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlari yangi konfiguratsiyasi shakllanayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyoni o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan va raqobatbardosh bozorga aylantirish, xalqaro transport yo‘laklari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarish, logistika zanjirlarining integratsiyalashuvi muhim ahamiyatga egaligiga ishonch bildirdi.

Buning uchun mamlakatlarning ulkan insoniy, ishlab chiqarish salohiyatidan foydalangan holda, iqtisodiyotlarning raqobatdosh ustunligi va bir-birini to‘ldirishidan foydalanib, mintaqada to‘liq erkin savdo rejimi, integratsiyalashgan transport-logistika, ishlab chiqarish-texnologik va investitsiya infratuzilmasi, umumiy energiya bozoriga ega innovatsion raqamli platformaga asoslangan yagona iqtisodiy makonni shakllantirish zarur.

Shu maqsadlarda iqtisodiy hamkorlik ish mexanizmi faoliyatini ta’minlash, davlatlar rahbarlarining Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvini to‘liq amalga oshirish, Savdo-sanoat palatalarining muntazam yig‘ilishini, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, suv resurslari, raqamli texnologiyalar vazirlari uchrashuvini tashkil etish, investitsiya va iqtisodiy forumlar, sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Uchinchidan, A.Ne’matov, geosiyosiy va geoiqtisodiy raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyoning sub’ekt sifatida mavjudligini, jahon sahnasida yagona pozitsiya bilan harakat qilish qobiliyatini kuchaytirish, umumiy manfaatni, jumladan, mintaqa davlatlarining ko‘p vektorli siyosati, siyosiy suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyilini samarali himoya qilish zarurligini ta’kidladi.

– Buning uchun Cho‘lpon-Otadagi sammitda qabul qilingan Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi konsepsiyasi asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga mintaqani tashqi dunyo uchun ochiq qoldirish, o‘zaro manfaatli inklyuziv hamkorlik maydoni sifatida saqlab qolish muhim ahamiyatga ega”, — deya xulosa qildi ekspert.

Eslatib o‘tamiz, mazkur konferensiya Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA