Ma’lumki, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqdi. Qizg‘in davom etgan muhokamalar chog‘ida har bir modda yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan keng jamoatchilik vakillari, deputatlar o‘z munosabatlarini bayon qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Joldasova Konstitutsiya loyihasidagi yoshlar masalasiga oid normalar to‘g‘risida quyidagilarni ta’kidladi:

– O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlar ham faol ishtirok etdi. «Mening davlatim», «mening Konstitutsiyam», degan nuqtai nazardan takliflar berishdi.Takliflarning 60 foizi aynan yoshlardan kelib tushgani bunga yaqqol dalildir. Zero, bugungi yoshlar o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi, mamlakat hayotiga, kelajagiga befarq emas.

Yoshlarning taqdim etgan takliflari loyihada o‘z aksini topmoqda. Jumladan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlarga katta motivatsiyadir.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Qonunlar va qonunosti hujjatlari o‘zgaruvchan xususiyatga ega. Birgina Konstitutsiya uzoq muddatli, barqaror hujjat hisoblanadi. Shu bois ham o‘tgan davrdagi yangilik va yengilliklarning Bosh qomusimizda mustahkamlanayotgani alohida e’tiborga molik.

Muhtarama Komilova,  

O‘zA