Xotin-qizlarning oliy ta’lim olishlari uchun huquqiy, tashkiliy, amaliy jihatdan qator imkoniyatlar va imtiyozlar yaratilmoqda.

Bu imkoniyatdan xotin-qizlar qanday foydalanmoqda?

2022 yilda respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 milliondan ortib, ularning 47,8 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Majlisda ayollarning oliy ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. 2022 yilda 12 ming 300 nafar talaba-qizlarning 68,3 milliard so‘m miqdoridagi kontrakti to‘lab berildi.

Oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish yo‘lga qo‘yilib, ushbu maqsadlar uchun bugungi kungacha 139 mingdan ortiq talaba xotin-qizlarga 1 trillion 300 milliard so‘m miqdorida foizsiz ta’lim krediti ajratilgan.

Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 2 mingdan ziyod talaba xotin-qizning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz to‘lab berildi.

Majlis davomida talabalarni turarjoylarga joylashtirish tizimini raqamlashtirish, ijaradagi talaba qizlar uchun ijara pullarini o‘z vaqtida o‘tkazib berish masalalari tanqidiy muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Muhokama qilingan masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

O‘zA