Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy kam rivojlangan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro hamjamiyatning ma’naviy burchi hisoblanadi, deb bayonot berdi. Bu xayrli ishda birdamlik ko‘rsatilsa yanada adolatliroq bo‘ladi, dedi u.

“Inqiroz va yechim qidirish barcha mamlakatlar yelkasidagi umumiy mas’uliyat. Hozirda kuzatilayotgan global muammolarni bartaraf qilish uchun kam rivojlangan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash – bu boy va rivojlangan davlatlarning majburiyati hisoblanadi”, – dedi Qatar amiri Doxada bo‘lib o‘tayotgan BMTning kam rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha Beshinchi Konferensiyasida so‘zga chiqib. “Bu xizmat emas, balki majburiyatdir”, – deya ta’kidladi u.

Amirning ta’kidlashicha, kam rivojlangan mamlakatlardagi tuzilmaviy muammolar, jumladan, qashshoqlik, oziq-ovqat yetishmasligi yoki samarasiz sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga sabab “sanoati rivojlangan markazlar bilan undan chetda qolayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi muvozanatning yo‘qligidir”. Shu bois kam rivojlangan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro hamjamiyat uchun “umumiy vazifa” bo‘lishi kerak, dedi u.

Shundan so‘ng, Qatar amiri kam rivojlangan mamlakatlar uchun Doxa harakatlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga 60 million dollar ajratishini ma’lum qildi.