Hindistonning Uttarakxand shtatidagi Himolay tog‘ tizmalariga tutashgan Badlani qishlog‘ida joylashgan 438-motoo‘qchilar polkida tashkil etilgan to‘rtinchi o‘zbek–hind o‘quv mashg‘ulotlari davomida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari o‘zaro uyg‘unlikda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Hindistonning 14-Garhwal Rifles bataloni harbiy xizmatchilari bilan “Do‘stlik–2023” birgalikdagi o‘zbek–hind o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning har bir kuni sermazmun va sermahsul o‘tyapti. Do‘stona ruhdagi har bir mashg‘ulot harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy bilimlari boyitilishi, ko‘proq tajriba almashish va mahoratlarini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Ayni kunlarda Hindiston zaminida olib borilayotgan ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida ikki davlat yurt himoyachilari o‘q otish tayyorgarligining sodda va murakkab maxsus mashqlarida merganlik mahoratini namoyon etmoqda.
Tog‘li hududda o‘q otish tayyorgarligi bo‘yicha mashg‘ulotlarni olib borish, relefning notekisliklarida joylashgan nishonlarni aniq mo‘ljalga olib otish harbiy xizmatchidan puxta tayyorgarlik va kuchli bilimni talab etadi.
Amaliy mashg‘ulotlarga kirishishdan avval ikki mamlakat harbiy xizmatchilari tog‘li hududdagi harbiy poligonda yoyilgan o‘quv nuqtalarida Hindiston armiyasida qo‘llaniladigan o‘qotar qurollarning tuzilishi, taktik-texnik tasnifi hamda ular bilan muomala qilishni o‘rganishdan boshladi.
Shundan keyin avtomatdan sodda o‘q otish mashqlari, ya’ni harakatlanmaydigan nishonlarga qarata pana joydan o‘q otish amalga oshirildi. Ta’kidlash joizki, yangicha quroldan ilk marotaba o‘q uzgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarga nishonlarni yakson qilishda hech narsa to‘sqinlik qilmadi. Yo‘riqchi sifatida ishtirok etgan hindistonlik harbiy xizmatchilar o‘zbekistonlik hamkasblarining har bir harakatini diqqat bilan kuzatib bordi.
Navbatdagi bir nuqtadan bajariladigan maxsus mashqlar ikki davlat harbiy xizmatchilarining mahorati va professionalligini namoyish etishga zamin yaratdi. Tog‘li hududda juft bo‘lib o‘q otish mashqlarida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar hamjihatlikda qo‘qqisdan paydo bo‘luvchi va harakatlanuvchi nishonlarni yo‘q qildi.
Shundan so‘ng ikki davlat harbiy xizmatchilari vertolyotdan arqon yordamida tushish maxsus mashqlarida ishtirok etdi. Bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda mashqlarni bajargan ikki davlat vakillari 10-20 metr balandlikka ko‘tarilgan vertolyotdan pastga arqondan sirpangan holda tushishni hamda uchar texnika hududini himoyaga olishni hamkorlikda mashq qilishdi. Barcha mashg‘ulotlar texnika va shaxsiy xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda bajarilmoqda.
“Do‘stlik–2023” birgalikdagi o‘zbek–hind o‘quvlari davom etmoqda.
O‘zA