Xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi

Xalqaro konferensiya

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida shu yilning 24-26 aprel kunlari poytaxtimizda «Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu tadbirga katta hozirlik ko‘rilmoqda.

Kuni kecha O‘zKUFKda ushbu nufuzli anjumanni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Q.Akmalov olib bordi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, xalqaro anjumanni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita raisi Q.Rafikov, Tashkiliy qo‘mita a’zolari, vazirlik, idora va tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rahbar va mutasaddilari qatnashdilar.

Unda kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.

лого конф.jpg— Mazkur anjuman Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 113-F sonli Farmoyishi ijrosini ta’minlash, Harakatlar strategiyasidan kelib chiquvchi vazifalar, mamlakatimizning yangi iqtisodiy va siyosiy qiyofasini xalqaro hamjamiyatga namoyish qilish, mamlakatimiz axli o‘z oldiga qo‘yayotgan ezgu maqsadlar, amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat hamda uning amaldagi natijalarini dunyo hamjamiyatiga yetkazish va tegishli ravishda xalqaro taj­ribani o‘rganish maqsadida o‘tkazilmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Qahramon Akmalov.

Anjumanda 50 dan ortiq xalqaro tashkilot hamda mamlakatlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning kasaba uyushma tashkilotlari mutasaddilari, chet ellik ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti a’zolari, mamlakatimizdagi sud va huquq-tartibot organlari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmokda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Harakatlar strategiyasi bugun xalqimizning orzu-istaklarini o‘zida mujassam etgan hujjatga aylandi. Strategiyaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda beshta ustuvor yo‘nalish, ya’ni davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivoj­lantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikeng­likni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish yo‘nalishlarida mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotining barcha jabhalariga chuqur kirib borilgan bo‘lib, aynan shunga ko‘ra, xorijiy ekspertlar ham ushbu dasturilamal hujjatning yurtimiz kelajagi uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlamoqda.

Xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasining «Amir Temur» konferens-zalida, seksiyalar bo‘yicha munozaralar «International Hotel Tashkent» mehmonxonasi va «Xalqaro Hamkorlik markazi» AK Xalqaro biznes markazining konferens-zallarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Anjuman doirasida xorijiy mehmonlar ijtimoiy obyektlar, xususan, ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi uchun qurilgan arzon uy-joy majmualari, yurtimizning tarixiy shaharlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi yakunida ishchi guruhlar, mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlarning xalqaro konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishdi.

 

Ikrom Hasanov (surat), O‘zA