Bugun poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida qit’a chempionati bahslari boshlandi.

Osiyoning 29 davlatidan 650 nafardan ziyod umidli sportchilar qatnashayotgan chempionatning dastlabki kunlarida o‘smirlar qilichbozlikning sablya, shpaga va rapira yo‘nalishida yakkalik, jamoaviy ko‘rinishdagi bellashuvlarida ishtirok etadi.

Qit’a chempionati bahslarida bevosita 29 ta davlat sportchilari qatnashayotgan bo‘lsa, musobaqalarni kuzatish, uning hakamlik borasidagi ishlarda, shuningdek musobaqalar doirasida poytaxtimizda o‘tadigan Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi tadbirlarida 38 ta davlat vakillari ishtirok etadi.

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi vakillarining bildirishicha, chempionat doirasida xorijlik sport jamoalari uchun yurtimizning diqqatga sazovor joylariga turistik sayohatlar, ular ishtirokida madaniy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Joriy yil 9 martga qadar davom etadigan chempionatning bugungi dasturida o‘smirlar o‘rtasida yakkalik bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda yigitlar sablya va shpaga, qizlar rapira yo‘nalishida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA