Mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlari natijasida ayrim kasalliklar tugatilib, ko‘plab kasalliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatilgan.
Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova aytib o‘tdi.
– 2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun 205 mlrd. so‘m ajratildi, – dedi M.Saidova. – Bu 2017 yildagiga nisbatan 10 baravar ko‘p bo‘lib, emlash qamrovi ham 98 foizga yetkazildi. So‘nggi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi. Natijada, 2017 yilda qizamiq va qizilcha kasalligi, 2018 yilda bezgak kasalligi tugatilganligi to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi. O‘lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi. 2022 yil yakuniga kelib, 2018 yilga nisbatan brutsellyoz 30 foizga, virusli gepatitning “V” turi 96,4 foizga, virusli gepatitning “S” turi 89,9 foizga, OIV infeksiyasi 4,2 foizga kamaydi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yilda Yevropa va jahon savdo tashkilotlari hamda xalqaro talablardan kelib chiqib, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 37 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi, xalqaro andozalarga moslashtirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida 243,4 mln. dollarlik 5 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, qo‘mita qoshida Milliy referens laboratoriyasi ishga tushirildi. Milliy referens laboratoriyasi va 13 ta tarkibiy laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ushbu laboratoriyalarda o‘tkazilgan tahlil natijalari oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti jarayonlarida dunyo mamlakatlarida tan olinadi.
M.Qosimova,
O‘zA