Tadbirkorlar soliq bo‘yicha olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.

Mamlakatimizda soliq siyosati bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar tadbirkorlarga qulayliklar yaratmoqda. Masalan, 2020 yilga qadar qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foizni tashkil etar edi.  20 foiz soliq yuki 2020 yilda 15 foizga, 2023 yildan esa 12 foizga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, QQSning 12 foizga tushirilishi iste’mol tovarlari narxiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Ushbu savol bilan Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassisi Jasur Jalolovga yuzlandik.

–Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, umuman, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida soliq tizimida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qo‘shimcha qiymat solig‘ini 20 foizdan 15 foizga, 2023 yilda esa 12 foizga tushirish kabi tadbirlar bunga misoldir.

QQSning 12 foizga tushirilishi natijasida iste’mol tovarlari arzonladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shu sababli, biz PMTI ekspertlari O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ning 15 foizdan 12 foizga tushirilishi iste’mol tovarlari narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandik.

Shu o‘rinda aytish kerakki, QQS to‘lovchisi bo‘lgani va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli tahlil uchun milliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3 ming 754 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha to‘rt oylik statistik ma’lumotlar data-scraping yo‘li bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o‘zgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirildi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, QQS 15 foizdan 12 foizga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylarida narxlardagi o‘zgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3 foiz punktiga ko‘p bo‘lgan. Bu degani boshqa barcha omillarning ta’sir kuchi to‘xtatib turilgan taqdirda ham 2,6 foizga tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3 foizga oshgan.

Xususan, 46 ta guruh bo‘yicha 1 ming 115 ta tovar narxi o‘zgarmagan. Misol uchun aytadigan bo‘lsak, bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari kabilar shular jumlasidan.  20 ta guruh bo‘yicha 1 ming 306 ta tovar narxi 1 foizgacha oshgan. Bular shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari kabilardir. 12 ta guruh bo‘yicha 585 ta tovar narxi 1-5 foizga oshgan, ya’ni kir yuvish kukunlari, meva, go‘sht mahsulotlari, sut va boshqa mahsulotlar. 7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovar narxi 1,6 foizgacha pasaygan. Kanselyariya tovarlari, souslar, qahva kabilar.

Avvalroq PMTI ekspertlari Input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmog‘i uchun QQS stavkasining 3 foiz punktiga pasaytirilishi, xarajatlarning kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz punktiga pasayishiga olib kelishini aniqlagan edi. Ammo amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq bo‘yicha olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.

QQSning tushirilishi narxlar darajasiga ta’sir etmaganligining asosiy sabablari nimada? Albatta, buni bir qator sabablar bilan izohlash mumkin.  Birinchidan, iste’mol tovarlari bozorida xufiyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasi oshishiga yo‘naltirilishi, ikkinchidan, bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani va uchinchidan narxlarga ta’sir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) ta’sir kuchining oshib borishidadir.

Xulosa o‘rnida, yuqorida zikr etilgan omillar va muammolar o‘z yechimini topsa va zarur choralar ko‘rilsa, QQSning 12 foizga tushirilishi tufayli iste’mol tovarlari narxlari pasayadi.

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba ZIYODULLAEVA  

yozib oldi