Senatning yalpi majlisida parlament nazorati doirasida Hukumat, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning hisobot va axborotlari yuzasidan 27 eshituv o‘tkazilgani qayd etildi.
Har chorakda hukumatning hamda moliya vazirining Davlat dasturi ijrosining borishi va davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari muhokama etildi.
Senat Raisi T.Norboyeva senatorlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor berganini ta’kidladi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha mingga yaqin masala hal etish uchun Hukumatga kiritilgan. Mazkur takliflar asosida 2023 yilgi Davlat byudjeti parametrlari va investitsiya dasturlari doirasida 1,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishiga erishildi.
Senat qo‘mitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 67 o‘rganish o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Hukumat a’zolariga beshta parlament so‘rovi yuborildi. Senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga 200 dan ortiq so‘rov yuborildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning 17,1 ming murojaati ko‘rib chiqildi. 6,5 mingga yaqin murojaat alohida nazoratga olinib, atroflicha o‘rganildi. Jumladan, 5 mingga yaqin murojaat bo‘yicha mualliflarga tushuntirish berildi, 700 dan ortiq ariza va shikoyatlardagi masalalar asosli deb topilib, ijobiy hal etildi.
Senat Raisi boshchiligida korrupsiya, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, xotin-qizlar masalalari, gender tenglikni ta’minlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash kabi qator dolzarb yo‘nalishlarda milliy tuzilmalar faoliyati izchil davom ettirildi.
Majlis davomida Senat faoliyati yakunlari ko‘rib chiqilgach, 2023 yilga mo‘ljallangan parlament yuqori palatasining ustuvor vazifalari ham belgilab olindi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA