Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan boshlagan Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib borilayotgan islohotlarning qonuniy asoslarini mustahkamlash, ularning natijadorligini ta’minlashda faol parlament nazorati olib borilayotganiga e’tibor qaratdi.
Ko‘rib chiqilayotgan har bir qonun, har bir masala muhokamasida inson haq-huquqlarini, yurtimiz taraqqiyotini ta’minlash, hududlar manfaatlarini ilgari surish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Xalqaro maydonda mamlakatimiz imijini yaxshilash, jumladan, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlarda ish olib borildi. O‘tgan yil davomida Senatning 14 yalpi majlisida davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 79 qonun ko‘rib chiqildi. 8 qonun rad etildi. Aytish lozimki, bu raqam ortida shunchaki qaytarilgan qonunlar soni emas, balki qonunlarning, avvalo, aholi va hududlar manfaatlariga qay darajada mosligi nuqtai nazaridan o‘tkazilgan chuqur tahlillar yotibdi. Bu jarayonda mahalliy Kengashlar, qo‘mitalar huzuridagi salohiyatli ekspert guruhlari ham faol ishtirok etayotgani, qolaversa keng jamoatchilik fikri inobatga olinayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Qonunchilik yo‘nalishiga oid faoliyatda yana bir yaxshi amaliyot, ya’ni amalda bo‘lib turgan qonunlardagi bo‘shliqlar, ziddiyatlar va ahamiyatini yo‘qotgan normalar bo‘yicha monitoring ishlari izchil olib borildi. Xususan, 20 dan ortiq qonunni qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish yuzasidan takliflar Hukumatga kiritildi. Ushbu amaliyot bundan buyon ham davom ettiriladi, – dedi Senat Raisi.
N.Abduraimova,
O‘zA