Avval xabar berilganidek, bugun AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkent shahrida bir qator uchrashuv, muzokaralar o‘tkazdi, tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, “Hyatt Regency” mehmonxonasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan brifingda qatnashdi.
– O‘zbekistonga birinchi kelishim, – deya o‘z so‘zini boshladi martabali mehmon. – Bu tashrifni amalga oshirishda amaliy yordam bergan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga va Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik izhor etaman.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan boshlanib, so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Bugun bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlar mavjud aloqani yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan biri yoshlarga e’tibor masalasi. O‘tgan yil davomida ayni yo‘nalish uchun AQSH 25 million dollar sarmoya kiritdi. O‘zbekistonlik 15 ming nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi malakasini oshirish, 10 ming maktabni ingliz tili darsligi bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatildi.
Men o‘zbekistonlik yosh o‘quvchilar ingliz tilini o‘rganayotgan darsda ishtirok etdim. Bu shunchaki ingliz tilini o‘zlashtirish emas, balki yosh avlodning yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi, raqobatbardosh ish o‘rinlari yaratish, mintaqa bo‘ylab kadrlar almashinuvini amalga oshirishga qaratilgan muhim ish.
Biz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu o‘rinda, O‘zbekistonning mehnat huquqi sohasida erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etmoqchiman. 11 yil davomida 300 dan ortiq xalqaro kompaniya bolalar mehnati va majburiy mehnat tufayli o‘zbek paxtasidan foydalanishdan bosh tortib kelayotgan edi. O‘zbekiston hukumati mahalliy va xalqaro mehnat uyushmalari, inson huquqi sohasiga oid tashkilotlar bilan hamkorlikda nafaqat yangi mehnat kodeksini qabul qildi, balki hujjatning amalda tadbiq qilinishini ta’minlash orqali turli qonunbuzarliklar oldini oldi. Bu tarixiy yutuq va boshqa mamlakatlarga namuna.
Qolaversa, olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, mamlakatda ijtimoiy rivojlanish kuzatildi. Oylik maosh, nafaqa oshdi, aholining turmush darajasi yuksaldi. Bundan tashqari mamlakatda din erkinligi, inson huquqi sohasida ham yaxshi natijalarga erishilganiga guvohmiz.
Kecha Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan S+5 platformasi doirasida tashqi ishlar vaziri bilan birga ishtirok etdik. AQSH Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivoji uchun 25 million dollar ajratishga qaror qildi.
Delegatsiyamiz Samarqandda savdo va investitsiya bo‘yicha idoraviy guruh yig‘ilishida ham ishtirok etadi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston Respublikasiga elektr energiyasi yetkazib berilishi, afg‘on ayollari va qizlariga yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, Suriya va Iroqdan 400 nafardan ziyod inson Vataniga qaytarilgani juda katta natija.
Go‘zal Sattorova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA