Jeneva shahrida boshlangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Markaz matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 150 ga yaqin davlatdan vakillar qatnashayotgan joriy anjumanning ochilish marosimida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi V.Balek, Bosh Assambleya 77-sessiyasi raisi Ch.Kyoryoshi, Bosh kotib A.Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar F.Tyurk ishtirok etib, so‘zga chiqdi.
Janob Guterrish ishtirokchilar e’tiborini iqlim o‘zgarishiga qarshi turish, o‘ta qashshoqlik va ochlikni bartaraf qilish kabi o‘ta dolzarb muammolarga qaratdi.
Darhaqiqat, bosh kotib ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishi, qashshoqlik va ocharchilik muammosi sayyoramiz aholisining qariyb teng yarmi – 3.5 milliard nafar inson hayotini mushkul ahvolda qoldirmoqda. Ayni payt yer yuzida zo‘ravonlik, nizo, inson huquqi buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshib, 100 million kishiga yetdi.
BMT ma’lumotiga qaraganda, 2023 yil dunyo bo‘ylab insonparvarlik yordamiga muhtojlar 339 million nafarga yetgan. Bu raqam 2022 yildagi ko‘rsatkichdan 25 foiz ko‘p.
Yuqori darajadagi segment majlisida Kongo, Chernogoriya, Kolumbiya, Prezidentlari, Chexiya va Yaman Bosh vazirlari, Qozog‘iston, Serbiya, Tailand, Vetnam, Niderlandiya Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, Xitoy, Irlandiya, Paragvay, Chili, Gruziya, Finlandiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Indoneziya, Norvegiya tashqi ishlar vazirlari, qator davlatlar inson huquqi, barqaror taraqqiyot, atrof-muhit himoyasi masalalariga mas’ul vazirlik rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki videokonferensiya tarzida so‘zga chiqqanlar xalqaro huquqqa va BMT Nizomiga sodiqlik, Inson huquqlari bo‘yicha kengash bilan ko‘p tomonlama va faol hamkorlik, inson huquqi himoyasi istiqboliga to‘xtaldilar. Taraqqiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasiga oid huquq ham muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish doirasida kechgan, inson huquqi bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan “Yuqori darajadagi Yillik yalpi munozara”da 2030 yilgacha mo‘ljallangan BMT Yoshlar strategiyasini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida delegatsiyamiz, bir tomondan, Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qiluvchi mamlakat, ikkinchi tomondan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining yoshlar mavzusini dadil ilgari surayotgan faol a’zosi sifatida TDT nomidan bayonot bilan chiqdi.
Xususan, yoshlar siyosatining samaradorligi ta’kidlandi. Ayniqsa, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohot barchamiz uchun muhim bo‘lgan tinchlik, xavfsizlik, adolat va barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qiladi.
Forum ishtirokchilari e’tibori Kengashning 2021-2022 yillarda O‘zbekiston taklifiga ko‘ra qabul qilingan yoshlar huquqi to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga qaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022 yil – “Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” sifatida e’lon qilingani, 2023 yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlari Ilm-fan va innovatsiya xalqaro kongressi o‘tkazilishi e’tirof etildi.
Shu tariqa TDT yoshlar huquqini rag‘batlantirishga asoslangan yondashuvni ilgari surish siyosatiga sodiqligi jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkazildi. Bu yo‘lda qo‘yilajak qadamlar turkiy tilli mamlakatlar yoshlarining faol ishtirokida rejalashtirilayotgani diqqatga molik.
Yuqori darajadagi segment doirasida Islom mamlakatlari tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari va mazkur xalqaro tashkilot Bosh kotibi X.Taxa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot yakunida tomonlar sessiya doirasida muhokama qilinayotgan dolzarb mavzular yuzasidan yagona nuqtai nazarga ega bo‘lish muhimligini ma’qulladilar.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA