Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarlarining Dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish, aholiga sifatli dori vositalarini yetkazib berish, farmatsevtika tarmog‘idagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
– bugungi kunda mamlakatimiz aholisi soni 36 milliondan oshdi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari U.Inoyatov. – Bu esa, o‘z navbatida, xalqimiz genofondini saqlash, aholi salomatligini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Bu borada aholini dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, parlament quyi palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Yelena Borisova kirish so‘zida sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar, qabul qilingan qonunlar haqida to‘xtaldi. Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan dori vositalari bilan bog‘liq qator savollar ko‘tarilayotganini qayd etdi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, vazirlik huzuridagi «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUK direktori Mirzohid Qodirov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Ulug‘bek Egamov ma’ruza qildi.
– 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida 2020 yilda 2,4 trillion so‘mlik, 2021 yilda 3,6 trillion so‘mlik, 2022 yilda 4,1 trillion so‘mlik farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish joriy etildi, – dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Ulug‘bek Egamov. – Shuningdek, investitsiya dasturiga kiritilgan 42 ta investitsion loyiha doirasida birgina 2022 yilda 83,3 million dollar investitsiya mablag‘lari jalb qilinishi hamda umumiy qiymati 31,5 million dollarlik 10 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 437 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 103 ta farmatsevtika korxonasida xalqaro va milliy standartlar joriy qilingan. 2022 yilning o‘zida yangi 18 ta farmatsevtika korxonasi ishga tushirilgan, 335 nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. bugungi kunda farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish geografiyasi ham kengayib, 34 tadan 39 taga yetdi. Mahalliy korxonalarning eksportga yo‘naltirilishi, o‘z navbatida, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.
2023 yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, dori vositalarini ishlab chiqarish 5,2 trillion so‘mga yetkaziladi. 3 trillion so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. 350 turdagi mahalliy dori vositalari sonini 500 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu borada Zangiota tumanidagi farmatsevtika sanoat zonasida ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2022 yil davomida 77 ming 212 turdagi dori vositalari va 12 ming 714 ta tibbiy buyumlarga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Eshituvda so‘z olgan deputatlar dorixonalar faoliyatini tartibga solish, bu sohani biznesga aylantirmaslik, tibbiy dori vositalarining sifati va xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, tabobat sohasidan unumli foydalanish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
Davron Ernazarov (surat), O‘zA