O‘zbekistonda 2022 yilda 4 ming 147 nafar bemor bolaga tibbiy, ijtimoiy hamda psixologik yordam ko‘rsatilgan. Shulardan 20 nafar bemor bola Turkiya, Germaniya, Rossiya, Belarus davlatining nufuzli klinikalariga davolanish uchun yuborilgan.

Bunday xayrli ishlar Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan amalga oshirildi.

Davlat byudjeti hisobidan mazkur fondga 2021-2022 yillarda mablag‘larni amalda o‘zlashtirilishiga qarab yuz milliard so‘m beg‘araz moliyaviy yordam ajratildi.

Bu mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor bolalarni davolash, tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, dori-darmonlar sotib olish, murakkab operatsiyalarni o‘tkazish va protez-ortopedik buyumlar bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish kabi maqsadlar uchun ishlatilgan.

Ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy-tibbiy qo‘llab-quvvatlash va imtiyozli davolanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasi muassisligida tashkil qilingan Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Vasiylik kengashi va ekspertlar guruhi shakllantirilgan bo‘lib, ular muntazam ravishda har bir mablag‘ni to‘g‘ri va maqsadli sarflanishini nazorat qilib bormoqda.

Jamoat fondi tomonidan turli nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida “Ezgulik manzili”, “Bolalarga tabassum” xayriya aksiyalari o‘tkazilgan. To‘rt mingga yaqin bemor bolalar yuqori malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Murakkab jarrohlik amaliyotida zarur bo‘lgan tibbiy anjomlar sotib olinishi natijasida 350 nafar bolaning hayoti saqlab qolindi.

Tadbirda amalga oshirilgan shu kabi ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berildi.

O‘zA