Qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 2023 yilda suv resurslarini boshqarishda uzluksiz tizimni yo‘lga qo‘yish, suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yo‘qotishlar hajmi 10 foizgacha kamaytiriladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkasini oshirish orqali suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltiriladi.
Joriy yil yakuniga qadar suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard metr kub suv iqtisod qilinib, 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi.
Suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish maqsadida 13 mingta suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtiriladi.
16 ta yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari ko‘rib chiqiladi.
Bu vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilandi.
O‘zA