Bugun Toshkent shahrida «Yashil makon» umummilliy loyihasiga start berildi.Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi kino saroyining orqa tomonidagi maydonda tadbir tashkil etildi.
Unda Toshkent shahar hokimi v.v.b. Baxtiyor Rahmonov, tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov hamda boshqa davlat va jamoat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida daraxt, buta, gul ko‘chatlari hamda o‘simliklar parvarishi uchun muhim bo‘lgan ozuqaviy moddalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda 50 turdan ortiq 20 mingdan ziyod ko‘chatlar namoyish etildi.
Joriy yilning bahor mavsumida 625 ming dona manzarali, mevali va boshqa turdagi daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. Uning doirasida «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga yondosh 100 gektar hududda bog‘ tashkil qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga ko‘p qavatli uylar atrofi, xiyobonlar, sayilgohlar va boshqa manzillarga 20 milliondan ortiq mavsumiy gullar, rayhon va boshqa turdagi mahalliy ko‘chatlar ekiladi.
Loyiha doirasida 23 gektardan ziyod maydonlar va kanallarning yon taraflarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Xususan, Olmazor tumanidagi A.Qodiriy bog‘ida 11 gektar, M.Ulug‘bek tumanidagi G‘.G‘ulom bog‘ida 1,9 gektar va Yunusobod tumanidagi Astronomiya bog‘ida 3,5 gektar hudud ko‘kalamzorlashtiriladi.
Ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash ishlari, ya’ni sug‘orish, tag qismini chopiq qilish, mineral va organik ozuqalar bilan oziqlantirish hamda zararkunandalarga qarshi ishlov berish ishlari olib boriladi.
Toshkent shahar hokimligi, Tabiat resurslari vazirligi tomonidan «Zamin» fondi bilan birgalikda poytaxtdagi mavjud barcha daraxtlarning elektron reyestri shakllantirilayotgani o‘simliklarni asrash va saqlashda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA