Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH C5+1 hamkorligi formatini institutsional rivojlantirishga intilishi kerak. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi mintaqa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH davlat departamenti rahbari Entoni Blinken o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan aytib o‘tdi.

“Erishilgan muvaffaqiyatlarga tayangan holda S5+1 formatini institutsional rivojlantirishda davom ettirishimiz kerak. Mazkur format iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun AQSH investitsiyalarini hamda ilg‘or texnologiyalarini olishga qaratilgan juda zo‘r platforma hisoblanadi”, – dedi u.  

Uning aytishicha, Qozog‘iston tomoni kelgusida ham S5+1 hamkorlik formatini rivojlantirish niyatida.

“Biz uchun yangi muqobil savdo yo‘llarini ochish ustida ish olib borish juda dolzarb hisoblanadi, chunki bu bilan izdan chiqqan yetkazib berish zanjirlarini qayta tiklaymiz. Shu munosabat bilan S5+1 mamlakatlari delegatsiyasini 8-9 iyunda bo‘lib o‘tadigan “Ostona” xalqaro forumiga taklif etmoqchiman. Mazkur forumda siyosiy yetakchilar, olimlar va xususiy kompaniyalar vakillari ishtirok etadi”, – deya ta’kidladi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Tleuberdi, shuningdek, Markaziy Osiyoda ichki mintaqaviy savdo-sotiq  2022 yilda 25 foizga o‘sganini va qariyb 8 milliard dollarni tashkil etganini ma’lum qildi.

S5+1 formati Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan AQSH  o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmini o‘z ichiga oladi. U iqtisodiyot, ekologiya va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy masalalarni muhokama qilish uchun 2015 yilda tashkil etilgan.