Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 18 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Makroprudensial siyosati asoslari tasdiqlandi.

Makroprudensial siyosat asoslari respublika moliya tizimining barqarorligini ta’minlash, tizimli xatarlarni aniqlash, ularga javoban samarali choralar ko‘rish bo‘yicha Markaziy bankning makroprudensial siyosat yondashuvini aniq belgilab olish maqsadida ishlab chiqildi.

Mazkur hujjatni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar, xususan, Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Xalqaro hisob-kitoblar banki va Moliyaviy barqarorlik kengashining tavsiyalari hamda chet el markaziy banklari tajribalari inobatga olindi.

Makroprudensial siyosat deganda tizimli xatarlarni cheklashga va moliyaviy tizimning butun yoki ayrim qismlari izdan chiqishi orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiyot uchun jiddiy salbiy oqibatlarni yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tushuniladi.

Shu nuqtai nazardan, Makroprudensial siyosat asoslari Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda moliya tizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan makroprudensial siyosatni amalga oshirishning umumiy konsepsiyasini belgilab beradi.

Makroprudensial siyosat asoslarida makroprudensial siyosatning ahamiyati, bosh va oraliq maqsadlari, vositalari hamda uni amalga oshirish tamoyillari va bosqichlari belgilangan. Shuningdek, hujjatda makroprudensial siyosatga oid asosiy tushunchalar izohi (glossariy) keltirilgan.

 

O‘zA