Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada o‘tgan 2022 yil davomida turli sohalarda 2,7 million aholining doimiy bandligi ta’minlangan. 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnatga jalb etilgan. Yuridik shaxslar tomonidan 1 million 335 ming, shundan yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 305 ming aholining doimiy bandligi ta’minlandi. Hududlardagi korxonalar soni 85 mingtaga ko‘payib, 550 mingtaga yetgani hisobiga rasmiy band bo‘lganlar soni 400 mingtaga oshib, 5 million 100 mingtani tashkil qildi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida qayd etildi. Unda xalq vakillari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2022 yilda bandlik dasturlarining ijrosi, sohadagi mavjud muammolar va 2023 yildagi rejalar to‘g‘risidagi axborotini eshitdi.
Vazirlik axborotida keltirilishicha, 79 ta faoliyat turi bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilish imkoniyati yaratilgani natijasida 2022 yilda 1,1 million fuqaro ro‘yxatdan o‘tdi va ularning soni 2 milliondan oshdi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobiga 101 ming, dehqon xo‘jaliklarida 199 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Eshituvda ta’kidlanganidek, har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi hududlardagi aholi qatlamlarining ehtiyoji, qiziqishlari batafsil o‘rganilishiga, ularning tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga hissa qo‘shayotir. Bu borada 2022 yili oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 9 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan va 388 mingta loyiha ishga tushirilgan.
Bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yilda respublikada yil boshiga nisbatan ishsizlik 9,6 foizdan 8,9 foizga kamaygani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, eshituvda joriy 2023 yilda bandlikni ta’minlash bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, shu yil 25 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan 5 million aholi bandligini ta’minlash, shu jumladan 2 million doimiy ish o‘rinlarini yaratish borasidagi vazifalar yuzasidan ishlar boshlab yuborilgan.
Xususan, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha ko‘paytiriladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA