Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zarxiv» agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktori Ulug‘bek Yusupovning ta’kidlashicha, arxiv ishini rivojlantirishning o‘tgan yilga mo‘ljallangan rejasi 21 ta ko‘rsatkich bo‘yicha davlat arxivlari tomonidan bajarildi.
Xususan, bu davr davomida «O‘zarxiv» agentligi tizimida jami 6 ta bino, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani davlat arxivi, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani davlat arxivi, Navoiy viloyati davlat arxivi, Zarafshon shahar davlat arxivi, Sirdaryo viloyati davlat arxivi, Farg‘ona viloyati So‘x tumani davlat arxivi foydalanishga topshirildi.
189 ming 810 saqlov birligidagi qog‘oz asosidagi 15 million 999 ming 368 kadr, 348 saqlov birligidagi kino, 22 ming 628 hisob birligidagi surat va 456 saqlov birligidagi ovozli hujjatlarning elektron nusxalari yaratilgan.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha «Arxiv ishi» yagona axborot tizimi (my.archive.uz), «Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish» axborot tizimi (e.archive.uz) ishga tushirildi.
Korxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 947 ta yalpi o‘rganish, 528 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi. Korxona va tashkilotlar uchun sohaga oid ichki normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha idoraviy hujjatlar, yig‘ma jildlar nomenklaturasi, ish yuritish yo‘riqnomasi ishlab chiqildi.
«O‘zarxiv» agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yil davomida 290 ta nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, 218 ta taqdimnoma kiritilgan, 11 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 4 ta material yuborilgan.
Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida bugunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda kamchilik hamda huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygani uchun 2 nafar rahbar va mas’ul xodimga jiddiy ogohlantirish berilib, 72 nafar rahbar va mas’ul xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
O‘zbekiston milliy arxivida saqlanayotgan 1917 yilgacha bo‘lgan arxiv hujjatlaridan 10 ta fonddan jami 56 ta yig‘ma jild o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA