Bugun, 28 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatida «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlarida O‘zbekiston xokkeychilari ishtirokidagi ilk o‘yin bo‘lib o‘tdi.Uchrashuvda mamlakatimizning yosh xokkeychilari Qirg‘iziston jamoasini 17:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
– Novokuznesk shahrining «Kuzneskiy muz» saroyida ikkinchi divizion «V» guruhida Qirg‘iziston jamoasi bilan bahslashdik. O‘yin to‘liq xokkeychilarimiz ustunligida o‘tdi. Albatta, hisobning bunday ko‘rinish olishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Qirg‘iziston jamoasi ham uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rgandi. Uchrashuv boshlanishi oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ularning texnik-taktik harakatlarini o‘rgandik. Yigitlarimizga tavsiya etilgan to‘g‘ri o‘yin taktikasi o‘z natijasini ko‘rsatdi, – deydi telefon orqali muloqotda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudov.
Osiyoning 12 mamlakati, Belarus va Rossiyaning 8 mintaqasidan mingga yaqin sportchi ishtirok etayotgan o‘yinlarning xokkey bahslarida 9 jamoa 3 guruhga bo‘lingan holda bahslashmoqda.
Yurtimiz xokkeychilari endi qirg‘izistonlik raqiblariga qarshi ikkinchi o‘yinni 2 mart kuni o‘tkazadi. «Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlari 5 martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA