2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Bunda, davlat granti asosida o‘qitish davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
2023/2024 o‘quv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari to‘g‘risida abituriyentlarga ma’lumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi, jumladan, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi belgilandi.
Ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun nogironligi bo‘lgan shaxsning oila a’zosi yoki boshqa shaxslarga oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxsning yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi.
O‘zA