Davlatimiz rahbarining 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.
Jumladan, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda belgilandiki, pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlarining yo‘llanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinadi.
Bu imkoniyati cheklanganlarni nogironligini isbotlash yo‘lidagi yugur-yugurlar va sarsongarchilikdan ozod etadi.
O‘zA