Bugun, 25 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatida “Osiyo bolalari” II xalqaro qishki sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Xabar berganimizdek, mazkur qishki sport o‘yinlarida mamlakatimizning xokkey jamoasi va figurali uchish bo‘yicha yosh sportchilarimiz ishtirok etmoqda.
«Osiyo bolalari» II xalqaro qishki sport o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston sport jamoasi rahbari, mamlakatimiz xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudovning O‘zA muxbiriga bildirishicha, kecha sportchilarimiz dastlabki o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi.
–Musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari reja asosida olib borilmoqda. Yoshlarimizning kayfiyati a’lo. Xokkey bo‘yicha o‘smirlar terma jamoamiz uchun ushbu o‘yinlar xalqaro maydondagi ilk rasmiy turnir bo‘lganligi uchun biroz hayajon ham yo‘q emas, – deydi. E. Mahmudov.
Osiyoning 12 ta mamlakati, Belarus va Rossiyaning 8 mintaqasidan ming nafardan ziyod sportchilar ishtirok etayotgan o‘yinlarning kecha ayrim sport turlaridagi ilk bahslari tashkil etildi. Mamlakatimiz yoshlari xokkey musobaqalarini kuzatib borishdi.
Qishki “Osiyo bolalari” o‘yinlarining xokkey bahslarida 9 ta jamoa 3 ta guruhga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Yurtimiz xokkeychilari qur’a natijasiga ko‘ra, 2 guruhda Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston jamoalari bilan joy olishgan. Terma jamoamiz birinchi o‘yinni 28 fevral kuni o‘tkazadi.
Joriy yilning 5 martiga qadar davom etadigan “Osiyo bolalari” II xalqaro qishki sport o‘yinlarida yosh sportchilar chang‘i sporti, tezkor konkida uchish, figurali uchish, xokkey, chang‘ida sakrash, erkin uslub, snoubord, chang‘i sporti va qor voleyboli bo‘yicha 57 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA