Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Butunjahon ijtimoiy adolat kuniga bag‘ishlangan “To‘siqlarni yengib o‘tish va ijtimoiy adolatga yo‘l ochish” mavzusida inter faol muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tuzilma Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad video murojaatida aholi turmush sharoitini barbod qilgan, tengsizlikni kuchaytirgan “COVID-19”dan keyin butun dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni tiklash bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, 2021 yil ishga tushirilgan Bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha global akselerator munosib ish o‘rinlari yaratish, universal ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uglerodsiz kelajak sari harakatlanish uchun samarali vositadir.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori Gilbert Xunbo koronavirus pandemiyasi, geosiyosiy o‘zgarish, iqtisodiy inqiroz va tabiiy ofatning mehnat bozoriga salbiy ta’siri xususida so‘z yuritdi. Hisob-kitobga ko‘ra, shaharlarda bandlik 2023 yil atigi 1 foiz o‘sadi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmidan ham kam. Ayni payt dunyoda 200 milliondan ziyod ishchi qashshoq yashamoqda.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Asosiy qonunimizda ijtimoiy adolat tamoyili mustahkam belgilab qo‘yilgani, amalga oshirilayotgan islohotlarimiz zamirida ham turgani ta’kidlandi.

Konstitutsiyamiz 14-moddasida “Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, deyilgan. Shuningdek, konstitutsiyaviy islohot davlatning aholini har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiyatini, jumladan, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyat, oila, bola, ayol, qariya va nogironlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgani alohida qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keng ko‘lam kasb etgan islohotlar samarasi o‘laroq, aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish borasida erishilayotgan aniq natijalar bilan tanishtirildi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi haqidagi ma’lumot bilan ham o‘rtoqlashildi.

O‘zA