Bahor faslining kirib kelishi asnosida hududlarda ommaviy sayllar, ko‘ngilochar tadbirlar avj oladiki, bu yaratuvchanlik ishqi bilan yashayotgan insonlarga olam-olam zavq bag‘ishlaydi.

Joriy yilning 12 mart kuni yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yanada keng targ‘ib etish maqsadida Toshkent hamda mamlakatimizning 13 ta hududida bir vaqtda “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari tashkil etiladi.

“Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalarini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlarining borishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aholi salomatligini mustahkamlash to‘g‘risidagi davlat ahamiyatiga molik qaror va dasturlar ijrosini ta’minlash tegishli tashkilotlarning muhim vazifasi sanaladi.

Beshinchi bor tashkil etilayotgan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish tadbirlarining bu galgi musobaqalari to‘rtta yo‘nalishda o‘tkaziladi. Ya’ni, 21 kilometrdan iborat yarim marafon, 42 kilometr masofani qamrab olgan marafon, 10 va 3 kilometrli ommaviy yugurish dasturlari, shuningdek bir  kun oldin 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi kichik yugurish musobaqalaridan iborat bo‘ladi.

Yana bir e’tiborli jihati, mazkur musobaqalarda imkoniyati cheklangan, nogironligi mavjud insonlarning qatnashishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Muhokamalar davomida aytilganidek, Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Yangi Nafas” yugurish musobaqalari “Toshkent marafoni” sifatida Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvimidan joy olgan bo‘lib, uning natijalari reyting ko‘rsatkichlarida qayd etiladi. Bu, musobaqalarda munosib natijaga erishgan sportchilar nufuzli musobaqalar uchun zarur ballarga ega bo‘ladi, deganidir.

Yig‘ilishda bugungacha yugurish musobaqalarida ishtirok etish uchun turli xorijiy davlatlarning jamoalari, sportchilari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning umumiy soni ming nafarga yaqinni tashkil etayotgani, bu raqam hali yanada ortishi bildirib o‘tildi.

Yurtimizda ommaviy yugurish musobaqalarining tizimli tarzda o‘tkazilayotgani tufayli ushbu musobaqalarga qiziqish, unda ishtirok etish istagini bildirgan aholi vakillari yildan yilga ortib bormoqda.

Mutaxassislarning fikricha, joriy yil o‘tadigan ommaviy yugurish tadbirlari 25 ming nafarga yaqin qatnashchini qamrab olishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda “Yangi Nafas” yugurish musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida ishchi guruh shtabi ish boshlagani e’lon qilindi. Musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha har bir yo‘nalishga biriktirilgan tashkilot va idora mutaxassislariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA