Gaziantep shahrida qutqaruvchilar uy vayronalari ostidan 2 million dollar topib, barcha pulni politsiyaga topshirdi, deb yozmoqda Anadolu agentligi.
Qutqaruvchilar Ayşe-Mehmet Polat turar-joy majmuasi vayronalari ostidan erkakni olib chiqayotganda ushbu pullarni ko‘rishgan.
“Erkakning yonida jami 2 million dollar bo‘lgan, qutqaruvchilar mazkur pulni maxsus xizmatga topshirishgan. Yigitlarimiz birinchi navbatda insonlar hayotini qutqaradi, biroq qimmatbaho buyumlarni ham politsiyaga topshirmoqda – bu voqea birinchisi emas”, – degan Gaziantep shahri yong‘in xizmati rahbari Ja’far Yilmaz agentlikka.
Avvalroq Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi ham Turkiyada vayron bo‘lgan uydan 150 ming dollar topishgani haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu pullar ham politsiyaga topshirilgani aytilgandi.
6 fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish boshqarmasining ma’lumot berishicha, halokat sababli halok bo‘lganlar soni shu kungacha 39 mingdan, jarohat olganlar esa 108 mingdan oshgan.